Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Xorijdagi vatandoshlar “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida uchrashuvlar o‘tkazdi

By Muxtasar_Qodirova - 20-Noyabr, 2026-yil 15:26 1,198 Koʻrishlar 0 Izoh



Davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan xorijda istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirokida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.




Xususan, mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan Varshava shahridagi Vistula universitetida tashkil etilgan tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston davlat bayrog‘ining tarixi va ramziy mazmuni haqida ma’lumot berildi. Yurtimiz yoshlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik, talabalarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi. Dastur doirasida viktorina tashkil etilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi keng nishonlandi.

Ishtirokchilar tadbir davomida milliy davlat ramzlarining ahamiyati, milliy an’ana va qadriyatlar, mamlakat mustaqilligi va kelajagi, xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar xususida fikr almashdi.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan vatandoshlar ishtirokida davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbir doirasida intellektual o‘yin ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, ramziy ma’nolari, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuv yakunida g‘olib jamoalar aniqlanib, ularga esdalik sovg‘alari berildi.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan ushbu hududdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida fleshmob o‘tkazildi. Ushbu loyiha ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.




Mazkur tadbirlar xorijda tahsil olayotgan va istiqomat qilayotgan yurtdoshlarning milliy o‘zlik va Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning tarixiy xotirasi va milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirish, vatandoshlar o‘rtasidagi hamjihatlik va do‘stona aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.

Ishtirokchilar bunday tashabbuslar xorijdagi o‘zbek yoshlarini birlashtirish, ularning Vatan bilan ma’naviy aloqalarini mustahkamlash hamda milliy davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring