
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni
Ona tilim, ey, mening suyuk,
Garchand sening tarixing buyuk,
Hammadan ham ta’rifing buyuk,
Sen, avvalo, ONA tilisan.
Murabbiysan, dunyo tanitgan,
Xazinasan, bulbul unutgan,
Hazrat Navoiylar she’r bitgan,
Avliyolar hol-u qolisan.
Senda qo‘shiq, allalarim bor,
Tunda chekkan nolalarim bor,
Uzr aytgan pallalarim bor,
Ruhning jannat sari yo‘lisan.
Senda sevgi izhorlarim bor,
Qalb gullagan bahorlarim bor,
Duo qilgan saharlarim bor,
Dilning totgan tansiq bolisan.
Barcha tillar go‘yoki bo‘ston,
So‘zlar yashnar turfa guliston,
Sening atring o‘zga bir jahon,
Yuragimning tanho gulisan.
Bor bo‘lsin tili har millatning,
Tili tirgagidir elatning,
Salom deb uyg‘ongan o‘zbekning,
Jahonga uzatgan qo‘lisan.
Abdug‘affor ODINAYEV,
Oltinsoy tuman 1-son texnikumining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.
0 Izoh