Xitoy Xalqaro yoshlar almashinuvi markazi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar almashinuvi, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar hamda xalq diplomatiyasi yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xitoy tomoni Markaz tomonidan yoshlar uchun amalga oshirilayotgan ta’lim va almashinuv dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, maktab o‘quvchilari, talabalar, yosh tadbirkorlar va turli soha mutaxassislariga mo‘ljallangan dasturlar madaniyat, zamonaviy texnologiyalar, yangi energetika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, zamonaviy tibbiyot, “yashil” qishloq xo‘jaligi kabi istiqbolli yo‘nalishlarni qamrab olishi qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba va bilim almashish uchun yangi muloqot maydonlarini yaratish, qo‘shma ta’lim va madaniy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
0 Izoh