"Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan
"Sziboda uchrashuv" Xalqaro yoshlar konferensiyasida 20 dan ortiq
mamlakatdan yoshlar, jumladan, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining
Xalq diplomatiyasi markazi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Anjuman turli mamlakatlar
yosh yetakchilari o‘rtasida tajriba va fikr almashish, o‘zaro anglashuv va
hamkorlikni mustahkamlash uchun o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qildi. Tadbirda
ta'lim, fan, madaniyat va biznes kabi turli sohalar vakillari jam bo‘lishdi.
Konferensiya
ishtirokchilariga O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori
Qobiljon Sobirov qutlov maktubi yo‘lladi. U o‘z murojaatida yoshlarni
qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro loyihalarda faol ishtirok etishlari
uchun sharoit yaratish Markazning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri
ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, Q.Sobirov O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish,
ularning ijodkorligini rag‘batlantirish va yetakchilik fazilatlarini
rivojlantirishga qaratilgan “ShHT - ijodiy g‘oyalar va yoshlar tashabbuslari
makoni” dasturini amalga oshirish tashabbusi qanchalik muhimligiga alohida
e'tibor qaratdi.
Anjumanda turli mamlakatlar
yoshlarining o‘zaro munosabatlariga oid keng ko‘lamli mavzular qamrab olindi.
Ishtirokchilar zamonaviy dunyoda yoshlar duch kelayotgan dolzarb masala va
muammolarni muhokama qilib, ularni hal etish yo‘llarini taklif qildilar.
Xususan, turli mamlakatlar
yoshlari o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan
umumta'lim maktablari hamdo‘stlik hamjamiyatini yaratish taklif etildi.
Shuningdek, milliy madaniy
meros sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar ishtirokida onlayn
vorkshop tashkil etishga kelishildi.
Vorkshopning maqsadi
tadbirkorlik faoliyati orqali madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish
bo‘yicha tajriba va g‘oyalarni almashishdan iborat. Ishtirokchilar loyihalarni
boshqarish, moliyalashtirish, marketing va mahsulot va xizmatlarni
iste'molchiga taqdim etishning turli jihatlarini muhokama qiladilar.
Bundan tashqari,
konferensiya ishtirokchilari tomonidan barqaror rivojlanishning innovasion
yechimlari bo‘yicha "Yoshlar barqaror rivojlanish uchun"
media-almashinuv dasturini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu loyiha global
muammolarni hal qilishning yangi yondashuvlari bo‘yicha videomateriallarni
yaratishni o‘z ichiga olib, ular dunyo yoshlari orasida keng ko‘lamda
foydalanish va g‘oyalarni tarqatish uchun turli tillarga tarjima qilinadi.
Konferensiya boshqa
mamlakatlarda amalga oshirish uchun namuna bo‘la oladigan yoshlarning
muvaffaqiyatli tashabbuslari va loyihalarini taqdim etish uchun muhim maydonga
aylandi. Markazning e'tiborga loyiq yoshlar loyihalari, jumladan, “Xalq
diplomatiyasi maktabi” loyihasi va ShHT yoshlar platformasi SCOLAR Network
Toshkent xabining faoliyati haqida ma'lumot berildi.
Ishtirokchilar ShHT
Markazining "Biz bolalar - biz dunyo" loyihasi muvaffaqiyatli
o‘tganini qayd etib, "Zamonaviy yoshlar ilhomi" kitobini nashr
etishni taklif qilishdi. Ushbu to‘plam yoshlarning ijodiy ishlari, ularning
qarashlari hamda madaniyat va jamiyatdagi zamonaviy tendensiyalarni aks
ettiradi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar taklif etilayotgan g‘oya va loyihalar turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniyat, fan va tadbirkorlik sohasida yangi istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdilar"- deb xabar beradi O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati.
0 Izoh