Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Qozog'iston OAV: Oliy darajadagi konstruktiv muloqot O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi

By Farangiz_Amirkulova - 19-Iyul, 2024-yil 11:06 1,000 Koʻrishlar 0 Izoh

Qozog'istonning "Infozakon" elektron nashrida "O'zbekiston-Qirg'iziston: strategik sheriklikning yangi ufqlari sari" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

"Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov 18-19-iyul kunlari davlat tashrifi bilan O'zbekistonda bo'ladi, – deyiladi maqoladi. – Qirg'iziston – O'zbekistonning ishonchli hamkori va eng yaqin qo'shnisidir. Ikki xalqning tarixi va madaniyati bir-biri bilan uzviy bog'liq, yaqin qardoshlik munosabatlari esa iliq do'stlik va yaxshi qo'shnichilik uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda".


Mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq O'zbekiston Respublikasi va Qirg'iziston Respublikasi o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatildi hamda ikki davlat poytaxtlarida elchixonalar ochildi. Bugun mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik misli ko'rilmagan darajaga ko'tarildi, deb ta’kidlangan materialda


Qirg'iziston bilan yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ko'p qirrali va o'zaro manfaatli muloqot O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Hamkorlikning huquqiy asosi mustahkamlandi. Xususan, shartnomaviy-huquqiy baza savdo-iqtisodiy, fan, turizm, transport, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan 180 dan ortiq bitim va shartnomalardan iborat.


Ulardan eng muhimi – Abadiy do'stlik to'g'risidagi shartnoma, Strategik sheriklik, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlash to'g'risidagi deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan to'ldirish uchun sharoit yaratmoqda.


"Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr va 2023-yil yanvar oylarida qo'shni respublikaga davlat tashriflari, Prezident Sadir Japarovning 2021-yil mart oyda Toshkentga davlat tashrifi Yangi O'zbekiston bilan Qirg'iziston o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim voqealar bo'ldi. Shuningdek, ushbu tashriflar barcha darajadagi ko'p qirrali muloqotni rivojlantirishga kuchli turtki berdi", deb yozgan elektron nashr.


Parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2017-yil sentyabr oyida O'zbekiston Prezidentining Qirg'izistonga tashrifi chog'ida Oliy Majlis va Jo'qorg'u Kenesh o'rtasida parlamentlararo hamkorlik to'g'risida memorandum imzolangan edi.


Qayd etilishicha, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari darajasida samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Tashqi siyosat idoralari rahbarlarining, jumladan, telefon orqali muloqotlari va xalqaro maydonlarda doimiy uchrashuvlari o'tkazilmoqda.


Xabar qilinganidek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo'nalishi hisoblanadi va ushbu yo'nalishda yuqori natijalarga erishildi. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi so'nggi yillarda qariyb to'rt barobar oshdi. 2024-yilning yanvar-may oylarida mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 294,3 million AQSh dollarga yetdi.


Materialda O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi uzoq yillardan buyon o'zaro munosabatlardagi murakkab masalalardan biri suv resurslarini boshqarish bo'lib kelgani urg'ulangan. Ikki davlatning siyosiy irodasi tufayli bu borada ham muhim kelishuvlarga, xususan, Kampirobod (Andijon) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo'yicha kelishuvga erishildi.


"Hech shubhasiz, oliy darajadagi konstruktiv muloqot, faol iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuvlar O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash uchun xizmat qiladi", – deb ta’kidlagan maqolada.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring