Ispaniyaning mashhur "El Mundo Financiero" elektron nashri bo'lajak X Toshkent xalqaro zamonaviy san'at biyennalesi haqidagi maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Joriy yil 14-18-oktyabr kunlari O'zbekiston poytaxtida X Toshkent xalqaro zamonaviy san'at biyennalesi bo'lib o'tadi, deb ma'lum qilgan ispan nashri.
"Bu yilgi biyennale "San'at va dunyo" mavzusida tashkil etiladi. 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta o'tkazilayotgan mazkur biyennale tasviriy san'at sohasida madaniy almashinuv, turli mamlakatlar zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishish, zamonaviy san'atning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon hisoblanadi", – deb yozilgan manbada.
Maqolada yozilganidek, X Toshkent xalqaro zamonaviy san'at biyennalesida taqdim etiladigan asarlar insonparvarlik qadriyatlarini qo'llab-quvvatlovchi turli badiiy ifodalarni aks ettiradi.
"Mazkur madaniy anjuman mavzusi ekologiya, madaniyat, bag'rikenglik, zamonaviy sharqshunoslik, o'ziga xoslik, sun'iy intellekt, texnogen sivilizatsiya va insonning ichki dunyosi kabi tushunchalar haqida fikr yuritish imkonini beradi", – deya qayd etilgan maqolada.
0 Izoh