Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

BMT Bosh kotibining O'zbekiston Prezidenti bilan Toshkentda o'tkazgan uchrashuvi Saudiya OAV nigohida

By Farangiz_Amirkulova - 8-Iyul, 2024-yil 15:33 970 Koʻrishlar 0 Izoh

Saudiya Arabistonining "An Nahar News" gazetasida "O'zbekiston va BMT 2026-2030-yillarda Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha kelishuvga erishdi" sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Ko'ksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o'tkazdi, – deyiladi maqolada. – Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlat rahbariga O'zbekistonga kelish taklifi va ko'rsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi".


Oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, davlat rahbari Antoniu Guterrishning respublikaga bu galgi, ikkinchi tashrifi "O'zbekiston-2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotganining tasdig'i ekanini ta'kidladi.


Muzokaralar chog'ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash, O'zbekiston va BMT o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo'shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi, deya ma'lum qilgan Saudiya bosma nashri.


Ta'kidlanganidek, 140 ta qo'shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o'zida O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.


"Yil boshidan buyon BMT Bosh kotibining beshta o'rinbosari O'zbekistonga tashrif buyurdi. O'tgan oyda mamlakatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma'muriy kengashiga saylandi. O'zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo'mitasi a'zosi bo'ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha xalqaro jamg'armaning vakolatxonasi ish boshladi", – qayd etilgan manbada.


Nashrda birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag'allik va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo'yicha tadbirlar o'tkazilayotgani, kelgusi yilda Samarqandda YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo'lib o'tishi xabar qilingan.


Tomonlar Afg'onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg'on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligini ta'kidladilar.


"Uchrashuv yakunida 2026-2030-yillarda O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi", – deb yozgan "An Nahar News" gazetasi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring