Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Tarixiy mushtaraklikdan strategik sheriklik sari

By Muxtasar_Qodirova - 8-Fevral, 2026-yil 20:18 1,113 Koʻrishlar 0 Izoh

Munosabat

Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ushbu hamkorlikning ildizlari chuqur tarixiy va madaniy mushtaraklikka borib taqaladi.

Xususan, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur merosi, islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va madaniyat sohasidagi umumiy qadriyatlar xalqlarimizni asrlar davomida yaqinlashtirib kelgan. 1991 yilda O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng, Pokiston uning davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan mamlakatlardan biri sifatida ham tarixga kirgan.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan ochiq, pragmatik va qo‘shni mintaqalar bilan yaqin hamkorlikka qaratilgan tashqi siyosat doirasida O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari jadal rivojlandi. Siyosiy muloqot faollashdi, parlamentlararo va idoralararo aloqalar mustahkamlandi, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhiti shakllandi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, joriy yil 5-6 fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga davlat tashrifi yuqori darajadagi ehtirom va samimiyat muhitida o‘tdi. Xalqaro tahlilchi va ekspertlar ta’kidlaganidek, Pokiston havo hududida O‘zbekiston rahbarining samolyotini harbiy qiruvchi uchoqlar kuzatib borishi, “Nurxon” aeroportida esa Prezident Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif tomonidan kutib olinishi tashrifga berilgan yuksak siyosiy ahamiyatni yaqqol namoyon etdi.

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar, Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi, qator uchrashuvlar va biznes tadbirlari o‘tkazildi. Bu esa O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari endilikda epizodik emas, balki institutsional va tizimli tus olayotganidan dalolat beradi.

Jumladan, davlat tashrifining eng muhim natijalaridan biri savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidir. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi qariyb 500 million dollarga yetgan. Hozirda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Eng muhimi, yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Bu faqat raqam emas, balki ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro integratsiyasi, bozorlarning ochilishi va yangi qo‘shcha qiymat zanjirlarining shakllanishi demakdir.

Tashrifga tayyorgarlik jarayonida qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, geologiya, oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda 3,5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu loyihalar nafaqat ikki mamlakat iqtisodiyoti, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Qolaversa, O‘zbekiston uchun Pokiston geoiqtisodiy jihatdan juda muhim hamkor hisoblanadi. Sababi, Pokiston portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyati Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish, “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Lahor va Islomobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi, Karachiga yuk reyslarining ochilishi savdo xarajatlarini kamaytirish va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi. O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etish, uning birinchi yig‘ilishini Xorazm viloyatida o‘tkazish rejalashtirildi. Bu tashabbus iqtisodiy hamkorlikni joylarda amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohada ham muhim kelishuvlarga erishildi. Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va kino kunlarini o‘tkazish, Lahorda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniyat markazini tashkil etish rejalari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomi berilishi va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ni barpo etish to‘g‘risidagi qarorlar esa ushbu munosabatlarning ramziy ifodasi sifatida tarixga kirdi.

“Ayvoni Sadr” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Prezident Asif Ali Zardoriy davlatimiz rahbariga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirdi. Ushbu nufuzli mukofot O‘zbekiston – Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ulkan sa’y-harakatlarning e’tirofi sifatida baholandi.

Shuningdek, Islomoboddagi Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga faxriy doktor va professor ilmiy unvonlari berildi. Bu esa, davlatimiz rahbarining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ta’lim, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasining xalqaro darajada tan olinganidan dalolat beradi.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarini mazmun jihatidan yangi, strategik bosqichga olib chiqdi. Imzolangan 30 ga yaqin hujjat, yirik investitsiya loyihalari, transport-logistika tashabbuslari va madaniy-gumanitar dasturlar ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu hamkorlik faqat ikki davlat bilan cheklanib qolmay, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligi ana shunday keng mintaqaviy ufqlarga ega bo‘lgan, kelajakka qaratilgan hamkorlik namunasi sifatida shakllanmoqda.

Muharram DADAXO‘JAEVA

O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring