Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Shaharlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

By Muxtasar_Qodirova - 23-Yanvar, 2026-yil 17:58 1,266 Koʻrishlar 0 Izoh

Birodar shaharlar alyansi hamda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan “Yangi yil — yangi hamkorliklar: birodar shaharlar xalq diplomatiyasining yorqin namunasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida o‘tgan tadbir “O‘zbekiston – Latviya” do‘stlik jamiyati hamkorligida o‘tkazildi.  



Tadbirning asosiy maqsadi birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini yanada faollashtirish, mahalliy va xalqaro aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar, ijtimoiy hamda iqtisodiy sohalarda o‘zaro tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.



Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida birodar shaharlarning xalqaro munosabatlardagi o‘rni, hududlararo hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati, shuningdek, xalq diplomatiyasining tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashdagi roliga alohida to‘xtaldi. Shu bilan birga, 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va ta’lim sohasidagi loyihalar muhokama qilindi.


Qayd etilganidek, birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik faqat rasmiy aloqalar bilan cheklanib qolmasdan, jamoat tashkilotlari, yoshlar, milliy-madaniy markazlar va xorijdagi vatandoshlar ishtirokidagi ochiq muloqotlar orqali izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Tadbir yakunida Birodar shaharlar alyansi va O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, kelgusida qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring