Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Yangi bosqich va yangi imkoniyatlar

By Muxtasar_Qodirova - 21-Dekabr, 2025-yil 16:32 1,414 Koʻrishlar 0 Izoh

Munosabat

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Shu ma’noda Yaponiya O‘zbekistonning muhim va ishonchli strategik hamkorlaridan biri sifatida alohida o‘rin tutadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi qariyb 34 yillik munosabatlar o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.

Xususan, iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga yirik hajmda investitsiya kiritayotgan yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, energetika, transport, kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Natijada, oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash ikki baravar, qo‘shma korxonalar soni o‘n baravar, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshdi. Savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, muqobil energetika, karbonsizlantirish, o‘ta muhim xomashyo kabi ko‘plab sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda oliy va yuqori darajadagi tashriflar muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Yaponiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkor sifatida e’tirof etib, mintaqada barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xususan, Yaponiyaning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti formati doirasida O‘zbekiston bilan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetakchiligi va tashabbusi tufayli boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining ham ushbu formatga qiziqishi hamda keng ko‘lamli hamkorlikka intilishi oshmoqda. 

Ikki mamlakat parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratib, qonunchilik sohasida tajriba almashuvini amalga oshirib kelmoqda. Bu esa davlat boshqaruvi va huquqiy tizimni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Parlamentining Maslahatchilar palatasi prezidenti Masakazu Sekiguchi hamda Yaponiya Parlamentining Vakillar palatasi spikeri Fukushiro Nukaga bilan uchrashuvi yaqin kelajakda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlararo aloqani yanada rivojlantirish imkonini beradi.

E’tiborlisi, yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini o‘tkazish, parlamentlarning qo‘mitalari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari va Yaponiya prefekturalari assambleyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish kabi kelishuvlarga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston parlamenti uchun, avvalo, parlament diplomatiyasini tizimli va institutsional asosda rivojlantirish imkonini beradi. Qo‘mitalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatilishi qonun ijodkorligi jarayonida aniq sohalar bo‘yicha chuqur tajriba almashishga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, iqtisodiyot, sanoat, ekologiya, raqamlashtirish va ijtimoiy sohalarda qonunlarni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar parlamentlari a’zolari forumini o‘tkazish tashabbusi esa O‘zbekiston parlamenti uchun uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega. Bu orqali yosh deputatlar va yosh siyosiy yetakchilarning qonun ijodkorligi ko‘nikmalari rivojlanadi. Shuningdek, parlament faoliyatiga innovatsion va zamonaviy yondashuvlar kirib keladi.

Umuman olganda davlatimiz rahbarining kunchiqar mamlakatga qilgan tashrifi har tomonlama yuqori natijalarga boy bo‘lganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Buni tashrif doirasida Imperator Naruxito, Yaponiya parlament rahbarlari, Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti, Taro Aso, Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazava hamda mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuvlari misolida ham ko‘rish mumkin. 

Xulosa qilib aytganda, ushbu tashrif O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi investitsiya imkoniyatlarini ochadi. Yaponiya tomonidan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi, zamonaviy texnologiyalar kirib kelishi hamda xizmatlar sifati oshishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. 

Yaponiyaga rasmiy tashrif nafaqat davlatlararo strategik sheriklikni mustahkamladi, balki uning natijalari aholi hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois, mazkur tashrif ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va islohotlarni izchil davom ettirishga xizmat qiluvchi muhim siyosiy voqea sifatida baholanmoqda.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring