Yaponiya O‘zbekistonning eng ishonchli va uzoq muddatli hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘nlab yillar davomida Yaponiya O‘zbekistonning modernizatsiya, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va barqaror iqtisodiy o‘sishga qaratilgan siyosatini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va boshqaruv tajribasi O‘bekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim tarkibiy qismiga aylangan bo‘lib, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot yuqori darajadagi ishonch bilan ajralib turadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilda Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi, uning doirasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan va sheriklikni tizimli ravishda kengaytirish uchun asos yaratgan qator bitimlar imzolandi. Hamkorlik doirasida ikki mamlakat parlamentlari, hukumat tuzilmalari va tashqi siyosat idoralari darajasida aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik mana shunday mustahkam siyosiy va institutsional asosda jadal rivojlanmoqda. Rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq hajmi 54 foizga oshgan. Bu esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
2024 yilda Nagoya shahrida O‘zbekiston-Yaponiya savdo uyining ochilishi kengayib borayotgan iqtisodiy muloqotning muhim va ramziy bosqichlaridan biri bo‘ldi. Ushbu savdo uyi O‘zbekiston mahsulotlarini Yaponiya bozoriga tizimli va samarali tarzda olib kirish, biznesga oid axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tijorat tashabbuslarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladigan samarali vosita sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
Yaponiya biznesining O‘zbekistondagi ishtiroki ham izchil kengayib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida Yaponiya kapitali ishtirokida energetika, mashinasozlik, kimyo sanoati, logistika va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan 100 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning orasida “Mitsubishi Corporation”, “Marubeni”, “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Hitachi” kabi yirik transmilliy korporatsiyalar ham mavjud.
Yaponiya taraqqiyot institutlari tomonidan moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy hamkorlikning muhim unsuridir. Bugungi kunda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda energetika, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda umumiy qiymati 5,5 mlrd. AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 50 ka yaqin yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 4 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi.
Sanoat sohasi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda yapon kompaniyalarining O‘zbekistondagi yirik sanoat va energetika loyihalaridagi tobora kengayib borayotgan ishtiroki ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish, mamlakatning ishlab chiqarish bazasini kengaytirish hamda zamonaviy boshqaruv standartlarini joriy etishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar energetika sohasini o‘zaro manfaatli sheriklik uchun strategik platforma sifatida ko‘rmoqda. Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq mamlakat energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishni faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgan kamsonli davlatlardan biri bo‘lib, jumladan issiqlik elektr stansiyalarini barpo etish va modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda tegishli infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirishda ishtirok etmoqda.
Namangan viloyatida quvvati 900 MVt bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi va Navoiy IES bazasida quvvati 650 MVt bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasining o‘rnatilishi eng muhim qo‘shma loyihalar sirasiga kiradi. “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Power” kompaniyalari ishtirokida, shuningdek, Yaponiya moliya institutlari ko‘magida barpo etilgan ob’ektlar energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, yoqilg‘i sarfini optimallashtirish va issiqxona gazlarining solishtirma tashlamalarini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Yangi bloklar birgalikda yiliga 10 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shadi.
Iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalashga qaratilgan global tendensiyalar sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) sohasidagi hamkorlikni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston va Yaponiya quyosh hamda shamol elektr stansiyalarini barpo etishga qaratilgan yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Shunday loyihalardan biri joriy yilning oktyabr oyida e’lon qilingan Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 000 MVt bo‘lgan quyosh parkini barpo etish loyihasidir. Ushbu loyiha “Sumitomo”, “Chubu Electric”, “Shikoku Electric”, kabi yirik yapon kompaniyalari ishtirokida hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) ning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Mazkur quyosh parki nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida QTEM sohasidagi eng yirik va eng zamonaviy loyihalardan biriga aylanadi. Loyihaning amalga oshirilishi 600 mingtagacha xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek CO₂ chiqindilarini yiliga taxminan 1,3 mln. tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Joriy yilning 19-20 dekabr kunlari Tokioda o‘tkazilishi rejalashtirilgan "Markaziy Osiyo + Yaponiya" sammiti muhim tadbirlardan biridir. U ko‘p tomonlama hamkorlikka qo‘shimcha turtki berishi, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining bugungi bosqichi barqaror ijobiy rivojlanish sur’atlari hamda aniq belgilangan uzoq muddatli strategik maqsadlarga yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosobatlar mohiyatiga ko‘ra vaqt sinovidan o‘tgan, kelajakka yo‘naltirilgan va o‘zaro manfaatga asoslangan sheriklik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yuqori darajadagi siyosiy muloqot hamda o‘zaro manfaatli uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Global transformatsiya sharoitida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik o‘zining strategik ahamiyatini saqlab qolmoqda va yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘yicha uni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari katta.
Elvira Bikeyeva,
MHTI loyiha rahbari.
O‘zA.
0 Izoh