Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Tinchlik va ishonch: Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuni

By Muxtasar_Qodirova - 15-Dekabr, 2025-yil 14:09 1,050 Koʻrishlar 0 Izoh

Munosabat


Bugungi beqaror va ziddiyatli global vaziyatda tinchlik, o‘zaro ishonch va bag‘rikenglik qadriyatlarining bahosi har qachongidan ham baland. Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumdagi nutqi nafaqat mintaqaviy, balki jahon siyosiy maydonida ham o‘ta dolzarb masalalarga chuqur, strategik yondashuvni namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar bugungi kunning murakkab vaziyatlarida tinchlikni mustahkamlash, ishonchni tiklash hamda integratsiya va diplomatiyani kuchaytirish borasida O‘zbekistonning aniq pozitsiyasini ifoda etadi. Xususan, davlatimiz rahbari Turkmanistonning faol betaraflik modelini “suverenitetni hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik va konstruktiv diplomatiya uyg‘unligi” sifatida e’tirof etdi. 

Shuningdek, Prezident nutqida alohida ta’kidlagan muhim fikrlardan yana biri bu – Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyat ekanligidir. Bu fikr nafaqat tashqi siyosat, balki ichki islohotlarimiz mohiyatini ham belgilaydi. Chunki, ochiqlik demokratik jarayonlarning, muloqot esa ijtimoiy barqarorlikning asosi hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, parlament ochiqligini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish, xalqaro parlamentlararo muloqotni faollashtirish, yoshlarni global muloqot jarayonlariga jalb etish kabi vazifalarni ustuvor deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga, forum doirasida Prezident bildirgan “Samarqand tashabbusi” insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyotga intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Faqat o‘zaro hurmat va tushunishga tayangan gumanistik hamda inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini mustahkamlashga qodir.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashish bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish tashabbusi insoniyat uchun beqiyos ahamiyatga ega. Chunki mojarolarni sodir bo‘lgach hal qilish emas, balki ularni oldini olish XXI asr diplomatiyasining eng muhim talabidir. Bu jarayonda tinchlik va xavfsizlik sohasidagi qonunlarni zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, yoshlar diplomatiyasiga oid dasturlarni qo‘llab-quvvatlash hamda BMT va mintaqaviy strukturalar bilan parlamentlararo muloqotni faollashtirish har qachongidanda muhim.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugun Markaziy Osiyodagi hamjihatlik, o‘zaro ishonch va yaqin qo‘shnichilik siyosati mintaqamizda barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan sanaladi. O‘tgan qisqa davrda juda katta, ahamiyatiga ko‘ra tarixiy yo‘lni bosib o‘tdik. Ochiq muloqot va birgalikdagi faol sa’y-harakatlar natijasida mintaqamiz uchun dolzarb bo‘lgan qator muammolarga samarali yechimlar topishga muvaffaq bo‘lindi. 

Jumladan, hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, mamlakatlarimiz o‘rtasida faol savdo-investitsiya va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoit yaratildi. Natijada, o‘tgan yili mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetdi. Mintaqamizga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi.

Birgina, Turkmaniston misolida ko‘rilsa joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetdi. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi. Faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar davom etmoqda.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, tinchlik bu – biror bir mamlakatning shaxsiy manfaati emas, balki umuminsoniy qadriyatdir. O‘zaro ishonch esa uning asosiy tayanchi. Shu bois biz, Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslarni qonunchilik darajasida chuqur qo‘llab-quvvatlash, ularning amaliyotda to‘liq tatbiq etilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni o‘zimizning dolzarb vazifamiz deb bilamiz.

Tinchlik, ishonch va hamjihatlik yo‘li bizning strategik tanlovimizdir. Shu yo‘ldan izchil va qat’iyat bilan borish farzandlarimiz uchun farovon, osoyishta va hamjihatlikka asoslangan kelajak yaratish demakdir.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring