Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatov, Akademiya vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdi.


Tadbir davomida soha prorektorlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Eshmatovning maʼlumotlari tinglandi.
2018 yil 16 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, O‘zbekiston islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

— 2025 yil 21 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi, — deydi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev. — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mamlakatimizda islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Akademiyamiz professor-o‘qituvchilari oldiga islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, taʼlim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar yuklandi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 3 ta fakultet, 10 ta kafedra mavjud. Ilmiy salohiyat 2023 yilda 71.2%, 2024 yilda 79.6% bo‘lgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 82,2% ni tashkil qilib, shundan 161 ta (fan doktorlari 27 nafar, fan nomzodlari (PhD) 105 nafar, ilmiy darajasiz 29 nafar) asosiy va ichki o‘rindosh professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayoniga jalb qilingan.
Professor-o‘qituvchilar tomonidan jami 135 ta ilmiy monografiya tayyorlandi. Nufuzli xalqaro Scopus i Web of Science bazasidagi maqolalar soni 147 tani tashkil qilmoqda.
2025 yilda jami 16 ta (9 ta mahalliy, 7 ta xalqaro) ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi. Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda 2 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda (1 ta innovatsion, 1 ta fundamental). Shundan innovatsion loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ko‘p jildli "Islom ensiklopediyasi"ning I, II, III tomi nashr qilinib, bir jildli "Islom ensiklopediyasi"ning maxsus nashri tayyorlanmoqda. Ensiklopediya bo‘limi 52 nomdagi kitob bilan boyitildi.
Iqtidorli talabalar yo‘nalishi bo‘yicha mazkur davr mobaynida 3 nafar talaba hamda 1 nafar magistrant Mahmudxo‘ja Behbudiy stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Talabalar ilmiy jamiyatining ilmiy anjumani forumi o‘tkazilib, “Talabalikdan olimlik sari qadam” nomli talabalarning maqolalar to‘plami nashr etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi 40 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

0 Izoh