Mamlakatimizning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tomonidan "Vatandoshlar" jamoat fondi delegatsiyasining Rossiyaning Novosibirsk va Kemerovo viloyatlariga tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida Novosibirsk, Kemerovo va Leninsk-Kuzneskiy shaharlarida yashayotgan va mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar o'tkazildi.
Xususan, Kemerovoda Sibirning eng yirik qurilish obyektlari – Sibir madaniy majmuasi va zamonaviy ko'p qavatli turar-joy majmuasi qurilishida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Bugungi kunda mazkur qurilish obyektlarida 2500 nafardan ortiq O'zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda.
Muloqot jarayonida O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan, xorijdagi vatandoshlarni himoya qilish va qo'llab-quvvatlashda davlatning mutlaqo yangi yondashuvlari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Vatandoshlar" jamoat fondi faoliyati, uning xorijdagi hamyurtlar bilan aloqalarni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi maqsad va vazifalari haqida ma'lumot berildi.
Delegatsiya a'zolari hamyurtlarimizning mehnat va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy qonunchilikka rioya etish zarurati yuzasidan tegishi tushuntirishlar berdi.
Hamyurtlarimiz Bosh konsulxona bilan doimiy aloqada bo'lib, muntazam ravishda sayyor konsullik qabullari o'tkazilayotgani tufayli ularning huquq va manfaatlari buzilishi holatlari kuzatilmayotganini ta'kidladi.
Delegatsiyaning Novosibirsk viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi "TexnoPan", "Start", G'arbiy Sibir sanoat kompaniyasi kabi yirik sanoat korxonalarida uchrashuvlar o'tkazildi. Mazkur korxonalarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbat qilinib, ularning mehnat, turmush va yashash sharoitlari bilan bog'liq fikrlari tinglandi.
Bosh konsulxona tomonidan O'zbekiston jamoat birlashmasi faollari va Kemerovo viloyatida yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlikda Leninsk-Kuzneskiy shahrida o'zbekistonlik san'atkorlar ishtirokida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
Shuningdek, Novosibirskdagi Sibir va Uzoq Sharqdagi eng yirik "Osiyo–Sibir" ulgurji-taqsimlash markazida mehnat qilayotgan fuqarolarimiz uchun ham konsert dasturi va bayram dasturxoni tashkil etildi.
0 Izoh