Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Toshkentda koreys xalqining “Chxusok” bayrami keng nishonlandI

By Muxtasar_Qodirova - 7-Oktabr, 2025-yil 12:09 1,472 Koʻrishlar 0 Izoh

Poytaxtimizdagi Koreya madaniyati va san’ati markazi binosida koreys millatining eng katta milliy bayramlaridan biri - “Chxusok-2025” bayrami keng nishonlandi. Koreyslar “Chxusok”ni hosil bayrami bilan bog‘lab, an’anaviy taomlar tayyorlab, oilaviy hamjihatlikda nishonlashadi.

Tadbir doirasida tantanali ochilish marosimi, konsert dasturi, milliy taomlar sayli, ijodiy mahorat saboqlari hamda turli ko‘rgazmalar tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev nutq so‘zladi.  

—Bugungi kunda mamlakatimizda 172 mingdan ortiq koreys millati vakillari istiqomat qilib kelmoqda. O‘zbekistonda yashab kelayotgan turli millatlarning ona tilini saqlab qolish va uni targ‘ib etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, koreys tili, madaniyati, urf-odatlari va tarixini o‘rganish maqsadida Toshkent shahrida “Ta’lim markazi”, “Sejong” maktabi, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik institutida fakultetlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda,— dedi Q.Sariyev.

Shuningdek, tantanali marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yonlar ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. O‘zbekistonda turli millat va elatlarga yaratilgan sharoitlarni e’tirof etdi.

Shundan so‘ng bayram tadbiri o‘zbek va koreys milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslar, illyuzion chiqishlar hamda turli badiiy kompozitsiyalar jamlangan konsert dasturiga ulanib ketdi. Kun davomida milliy o‘yinlar, an’anaviy liboslar ko‘rgazmasi, o‘zbek va koreys rassomlarining asarlari namoyishi, shuningdek kattalar va bolalar uchun ijodiy mahorat saboqlari tashkil etildi.

Tadbirning yakuniy qismida “K-POP Dance” tanlovi o‘tkazilib, yosh ijrochilarning sahnadagi chiqishlari bayram kayfiyatiga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

“Chxusok-2025” tadbiri O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

                                                                                                                                   O‘zA


Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring