Qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan matbuotida, teleradiokanallar, internet nashrlari, nashriyot va matbaa korxonalarida, axborot xizmatlari va platformalarida o‘z burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, hurmatli jurnalistlar, muhtaram faxriylarni, barcha ijodiy va texnik xodimlarni bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi o‘ta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini hammamiz sezib-anglab turibmiz.
Shu ma’noda, bepoyon mediaolamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy ishlarga o‘z iste’dodi, professional mahorati bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan ommaviy axborot vositalarining barcha xodimlariga xalqimiz nomidan yuksak hurmat va ezgu tilaklar izhor etish men uchun katta sharafdir.
Aziz do‘stlar!
Atoqli jadid bobomiz Hoji Muin aytganidek, “Matbuot tarixi – Uyg‘onish davri tarixining bir bo‘lagidir”.
Biz keyingi yillarda, ulug‘ ajdodlarimiz boshlab bergan ibratli an’analarni davom ettirib, demokratik jamiyatning muhim sharti va tamoyili bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratmoqdamiz.
Ana shunday yondashuv tufayli media makonimizga ilg‘or loyiha va texnologiyalar, yangicha mulkiy munosabatlar jadal kirib kelmoqda. Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan 2 ming 400 ga yaqin ommaviy axborot vositalarining 65 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelayotgani, xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ortib, ulardan foydalanuvchilar soni 14,7 milliondan 32,7 millionga yetgani, axborot kontentlarini yaratuvchilar safi kengayib borayotgani, hech shubhasiz, mamlakatimizning media sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, milliy mediakontentni rivojlantirish yo‘lida yosh ijodkorlar, mustaqil studiya va prodyuserlik markazlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani virtual makonda yuksak sifatli, raqobatbardosh loyihalar paydo bo‘lishi uchun zamin yaratmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini, matbuot va so‘z erkinligining qonuniy ijrosini ta’minlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash bilan birga, ularni zararli axborotlardan himoya qilishga ham alohida e’tibor bermoqdamiz. Bu borada 2030 yilgacha bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar, jumladan, nashr mahsulotlari foyda solig‘idan ozod qilinib, ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilangani, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi joriy etilgani muhim qadam bo‘ldi.
Ana shu o‘zgarishlarning davomi sifatida yaqinda Bolalar kontentini rivojlantirish markazini tashkil etdik. Ushbu markaz yosh avlodimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni ezgulik va ma’rifatga oshno etish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborgani albatta e’tiborlidir.
Bu haqda gapirganda, onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ham qayd etish lozim.
Hozirgi vaqtda sun’iy intellekt texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani jurnalistika uchun katta imkoniyatlar ochish bilan birga, bu boradagi ishlarimizni zamon talablariga mos holda yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘z kasbini, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini puxta egallagan, jonkuyar va vatanparvar yangi jurnalistlar avlodi yetishib kelayotgani barchamizni xursand qiladi.
Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, aholi o‘rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur.
Qadrli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Mamlakatimiz jurnalistlari va ijodiy jamoalari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, bu yil “Oltin qalam” milliy mukofoti birinchi marta 27-iyunda – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, bugun sizlarning ishtirokingizda tantanali ravishda taqdirlanadigan barcha tanlov g‘oliblarini va yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarning har biringiz kelgusida o‘z tajriba va mahorat maktabingizni yaratib, milliy jurnalistikamiz ravnaqiga yanada katta hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman.
Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, qalbimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling, mas’uliyatli va sharafli mehnatingizdan baraka toping, azizlar!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
0 Izoh