Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi

By Muxtasar_Qodirova - 20-Iyun, 2025-yil 16:22 179 Koʻrishlar 0 Izoh

Ko‘kdala tumanida 20-iyun kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatda ulkan o‘zgarishlar bo‘layotgani, islohotlar odamlar hayotiga kirib borayotganini qayd etdi.

Oldinlari viloyat sanoatining yarmidan ko‘pi neft-gaz va kimyo tarmog‘iga to‘g‘ri kelardi. So‘nggi yillarda elektr texnikasi, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sohalarida “katta sakrash” bo‘ldi. Hozir bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54 foizni tashkil etayapti.

Lekin hayot to‘xtab turmaydi, hali qilinadigan vazifalar ko‘p. Tahlillarga ko‘ra, Qashqadaryoda ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning uchdan biri loyihaga aylantirilsa ham, viloyat yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkin.

Ma’lumki, jadal rivojlanish dasturiga kirgan tumanlarda “Islohotlar shtabi” tuzilmoqda. Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar bunda tayyor andoza ekani ta’kidlandi. Endi shunday shtab Qashqadaryoda ham bo‘lishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari viloyatni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.   

Eng katta zaxira qishloq xo‘jaligi yerlari ekani qayd etildi. Misol uchun, Qashqadaryodagi sug‘oriladigan qishloq yerlari 515 ming gektarni, tomorqa va bog‘dorchilik yerlari 45 ming gektarni tashkil qilib, respublikada birinchi o‘rinda.

Bundan tashqari, viloyatda 1,3 million gektar yaylov va o‘rmon yerlari mavjud. Endi ulardan samarali foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil qilinadi. Investitsiya jalb qilish, loyihalarni moliyalashtirish va ulush bilan kirish uchun unga aksiyadorlik jamiyati maqomi berilib, Kuzatuv kengashiga Bosh vazir rahbarlik qiladi. Kompaniyaga dastlabki bosqichda 100 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘ va qo‘shimcha investitsiya hisobiga, ikki yilda viloyatdagi kamida 200 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlari lazerli tekislanib, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi.

Qashqadaryoda chorvachilikni kompleks rivojlantirish dasturi boshlanadi. Buning uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12 oygacha 14 foizli kreditlar ajratiladi. Bu orqali viloyatdagi 127 ta chorvador to‘liq quvvatga chiqadi. Yeri ham, fermasi ham borlarga imtiyozli mablag‘ beriladi.

Yil boshidan beri viloyatda meva-sabzavot eksporti 2 karra oshib, 62 million dollarga yetgan. Ayniqsa, Ko‘kdala tarvuzlari mashhur. Qashqadaryoda buni pomidor bo‘yicha ham qilsa bo‘ladi. Shu maqsadda 13 ta tumandagi 6 ming gektar yerda pomidor yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Kartoshkachilik uchun 10 foizdan 12 oy muddatga imtiyozli kredit ajratiladi. Bu tarmoqqa zarur texnikalar import bojidan ozod etiladi, yuqori avlodli urug‘ xarid qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytarib beriladi.

Aholini ishli qilish va kambag‘allikni qisqartirish eng dolzarb masalalardan. Yil boshidan 284 ming odamning bandligi ta’minlangani bilan yana minglab ishsizlar bor.

Shu bois bu yil Qashqadaryoda 470 ming kishini band qilish, 150 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish, Kitob tumani, Qarshi va Shahrisabz shahrini “ishsizlik va kambag‘allikdan holi hudud”ga aylantirish bo‘yicha katta marra olingan.

Xususan, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor va Chiroqchi tumanlaridagi tabiat go‘shalarida turizm maskanlari barpo etiladi. Ko‘kdaladagi Chiyal bozorida yaxna tayyorlovchilar uchun sharoit va sanitariya yaxshilanib, gastronomik turizm kengaytiriladi. Shahrisabz shahri Qorasuv mahallasida temirchilik markazi tashkil qilinadi.

Ishsiz fuqarolar xorijiy tillarga o‘qitilib, yuqori daromad beradigan mamlakatlarga ishga yuboriladi. Auksionda sotiladigan 120 dan ortiq obyekt va 400 gektar yer negizida korxonalar tashkil etib, 70 ming ish o‘rni ochish choralari ko‘riladi.

Bu yil Qashqadaryoda 3,5 milliard dollar investitsiya bo‘yicha katta marra olingan. O‘tgan besh oyda Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya qariyb 2 karra oshgan.

Viloyatdagi konlar investitsiya jalb etib, qo‘shilgan qiymat yaratish uchun katta imkoniyat ekani qayd etildi. Masalan, Kitobdagi 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchida 10 ming tonna noyob metallar zaxirasi aniqlangan. Qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlagan.

Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi infratuzilmadan foydalanib, 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi. Unda klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiali bo‘yicha 5 ta yirik loyiha amalga oshiriladi.

Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsa-da, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Bu sohada 400 million dollarlik 35 ta loyiha boshlanadi. Joriy yil ip-kalavani qayta ishlash 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish choralari ko‘riladi.

Bunday iqtisodiy loyihalar uchun rivojlangan infratuzilma zarur. Masalan, “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yo‘lining viloyatdan o‘tgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin.

“Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yo‘lining 106 kilometri rekonstruksiya qilinib, 2 tasmadan 4 tasmaga o‘tkaziladi. Bu loyiha doirasida Qamashi va Yakkabog‘ markazidan aylanib o‘tadigan 34 kilometrli yangi yo‘l ham barpo etiladi. Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent-Termiz” yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi.

Aholining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun 7 ming 700 ta xonadonli uylar barpo etiladi. Bu yil 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti quriladi.

Yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Ularni “Yoshlar biznesi” dasturiga, oliygoh bitiruvchilarini “Kelajakka qadam” dasturiga qamrab olib, tadbirkorlik va bandligiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

– Ko‘rib turganingizdek, Qashqadaryoda rejalashtirgan ishlarimiz ko‘p. Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va oliyjanob viloyat ahli bilan oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari axborot berdi, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari bilan muloqot qilindi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring