O'zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To'xtayev, Afg'onistondagi elchisi Oybek Usmanov, Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev va Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov xizmat safari bilan Qoraqalpog'iston Respublikasida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif chog'ida Qoraqalpog'istonning eksport va investitsion salohiyatini to'liq ishga solish, xorijiy sheriklar bilan iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o'zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o'rganildi.
Dastlab Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda har bir xorijiy mamlakatning iqtisodiy holati, bozor imkoniyatlari va investitsiyaviy salohiyati, hududda chet ellik tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan kelib chiqqan holda Qoraqalpog'iston bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko'rib chiqildi.
Pokiston, Afg'oniston, Ozarbayjon, Misr va Ukraina tadbirkorlarining hududga biznes-missiyalarini tashkil etish va ular bilan hamkorlikda to'qimachilik, konchilik va foydali qazilmalarni, farmatsevtika, teri va junni qayta ishlash, qurilish mollari, sport buyumlari, tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarish, baliqchilik, chorvachilik, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, jumladan, sitrus mevalarni yetishtiruvchi plantatsiyalarni tashkil etish bo'yicha aniq vazifalar belgilandi.
Xorijlik investorlar ishtirokida qo'shma loyihalarni amalga oshirish orqali hududda yangi ish o'rinlarini yaratish, Afg'oniston va Pokiston bilan tovar ayirboshlashda nomenklaturasida Qoraqalpog'istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ulushini ko'paytirish masalalari ko'rib childi. Shuningdek, tibbiyot va ta'lim yo'nalishlarida grant mablag'larini jalb qilish, chet ellik tadbirkorlar va menejment kompaniyalarini boshqaruvga jalb qilish orqali hududdagi past quvvatda ishlayotgan to'qimachilik korxonalari faoliyatini jonlantirish xususida fikr almashildi.
O'zbekiston diplomatlari safar davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi Joqorg'u Kengesi raisi Amanbay Orinbayev va Amudaryo, Beruniy To'rtko'l va Ellikqal'a tumanlaridan kelgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o'tkazdilar. Unda sanoatning turli yo'nalishlari bo'yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilinib, ularni amalga oshirish bo'yicha aniq qadamlar belgilab olindi.
Islomobod, Lahor, Karachi, Faysalobod va Sialkot shaharlarida biznes-forum hamda "G2G" "G2B" va "B2B" uchrashuvlar o'tkazish, ushbu shaharlarning sanoat imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog'iston tumanlari tadbirkorlari delegatsiyasining Pokistonga tashrifini uyushtirish masalasi tomonlar ish rejasiga kiritildi.
Bundan tashqari, hududlararo hamkorlik, jumladan savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Joqorg'u Kengesi raisi Amanbay Orinbayev va Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida O'zbekiston elchilari Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi raisining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Vladimir Jollibekov hamrohligida "Nukus" erkin iqtisodiy zonasiga bordi. Xorijiy investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar, soddalashtirilgan tartiblar to'g'risida ma'lumot olindi. Shisha tolalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Karakalpak Basalt Wool" korxonasi, "Osten Technologies" panel radiatorlar ishlab chiqarish zavodi, "Nukus SSP Texnopark" to'qimchilik fabrikasi hamda metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zavodlari faoliyati bilan tanishildi.
Shundan so'ng, Ellikqal'a tumanidagi "Aqchako'l" turistik zonasi faoliyati, xorijlik investorlar ishtirokida mehmonxonalar, savdo-ko'ngilochar markazlar, dam olish hamda xizmat ko'rsatish maskanlarini barpo etish, chet ellik turistlar oqimini oshirish imkoniyatlari o'rganildi.
Shu bilan O'zbekiston elchilarning Qoraqalpog'istonga xizmat safari o'z nihoyasiga yetdi.
0 Izoh