Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O'zbekiston va Xalqaro migratsiya tashkiloti o'rtasida hamkorlikdagi loyihalar kengaytiriladi

By Farangiz_Amirkulova - 24-Aprel, 2025-yil 16:09 245 Koʻrishlar 0 Izoh

O'zbekistonning Jenevadagi BMT bo'limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bosh direktori o'rinbosari Sunga Li bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.


Tomonlar O'zbekiston va XMT o'rtasidagi ustuvor yo'nalishlar bo'yicha o'zaro hamkorlik, mehnat migratsiyasini qo'llab-quvvatlash va migrantlar huquqlarini himoya qilish, qo'shma ta'lim dasturlari va treninglar o'tkazish, shuningdek, migratsiya siyosatini ishlab chiqishda texnik va ekspert yordamini ko'rsatish kabi yo'nalishlarda jadal rivojlanayotganini qayd etdilar.


XMT Bosh direktorining o'rinbosari O'zbekistonning mintaqaviy va global migratsiya jarayonlaridagi faol va konstruktiv rolini yuqori baholab, mamlakat Tashkilotning Markaziy Osiyodagi muhim hamkoriga aylanib borayotganini ta'kidladi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijdagi migrantlar huquqlarini himoya qilish borasidagi sa'y-harakatlarning ijobiy dinamikasi qayd etildi.


O'zbekistonning 2030-yilgacha milliy migratsiya strategiyasini yaratish tashabbusi alohida ta'kidlandi. XMT vakili ushbu Strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida har tomonlama yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.


Milliy migratsiya kun tartibini barqaror rivojlanish siyosatiga integratsiyalash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga, ayniqsa, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishda erishish muhimligi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan, XMTning O'zbekistonga iqlim bilan bog'liq migratsiyaga kompleks yondashuvni ilgari surishda, jumladan, mintaqaviy tashabbuslar doirasida ekspert va texnik yordam ko'rsatishga tayyorligi tasdiqlandi.


Uchrashuv yakunida tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash hamda O'zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida migrantlar himoyasi va huquqlarini ta'minlash bo'yicha hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib oldilar.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring