Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Turkiya poytaxtida ulug' qomusiy olim Ahmad al-Farg'oniy byusti o'rnatildi

By Farangiz_Amirkulova - 21-Aprel, 2025-yil 11:47 369 Koʻrishlar 0 Izoh

Turkiya poytaxtida buyuk mutafakkir, olim va davlat arbobi Ahmad al-Farg'oniy sharafiga o'rnatilgan byustning ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali tadbirda O'zbekiston madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tojixonov, Anqara shahri Kechioren tumani hokimi Mesut O'zarslan, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi o'rinbosari Sayid Yusuf, Turkiya Buyuk millat majlisi, diplomatik korpus, akademik doira va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tojixonov o'z nutqida so'nggi yillarda O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini ta'kidladi. Ushbu jarayonda madaniy-gumanitar aloqalarning alohida o'rni borligi, bu yo'nalishdagi hamkorlik ikki xalqni yana-da yaqinlashishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Shunday ezgu maqsadlar zamirida buyuk alloma Ahmad al-Farg'oniyning byusti Anqara shahridagi markaziy bog'da o'rnatilishi katta ahamiyatga ega ekanini urg'uladi.


Kechioren tumani hokimi Mesut O'zarslan Ahmad al-Farg'oniyning ilmiy merosi nafaqat o'zbekistonliklar, balki barcha turkiy xalqlar uchun faxr va ilhom manbai ekanini ta'kidladi. U allomaning nomini abadiylashtirish orqali yosh avlodni ilm va ma'rifatga da'vat etish maqsad qilinganini bildirdi.


TURKSOY bosh kotibi o'rinbosari Sayid Yusuf esa o'z navbatida Ahmad al-Farg'oniyning astronomiya, geografiya va matematika sohalaridagi kashfiyotlari jahon ilm-fani rivojiga qo'shgan beqiyos hissasiga alohida to'xtaldi. "Turkiy davlatlar hamjihatligi ramzi sifatida ushbu byustni o'rnatish tashabbusi yuksak e'tirofga loyiq", dedi u.


 Tadbir yakunida taniqli xonanda Otabek Muhammadzoxid tomonidan konsert dasturi taqdim etildi. Konsertda ijro etilgan o'zbek milliy maqom va zamonaviy estrada qo'shiqlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.


Shu o'rinda ta'kidlash joizki, Anqara shahrida Ahmad al-Farg'oniy xotirasiga atab yodgorlik o'rnatilishi O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi do'stlik hamda hamkorlik rishtalarini yana-da chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring