Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!

By Farangiz_Amirkulova - 24-Fevral, 2025-yil 9:49 826 Koʻrishlar 0 Izoh

Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsin Navro‘z, – Mir Alisher Navoiy bobomiz ta’biri bilan aytilgan ushbu jumlalar necha asrlar o‘tsa-da, davr tanlamay, insoniyat umrining eng ulug‘ tunlari va eng go‘zal kunlari haqida ekani bilan dillardan-dillarga tarbiya va hikmat bo‘lib o‘tib kelmoqda.

Darhaqiqat, yangi kun sanalmish Navro‘z mohiyati, uning qalb va ruhiyatga ta’sirini mehnatkash xalqimiz hamisha ehtirom ila anglaydi va hikmat sanaydi.  

Shu bois har yili ushbu kunni mazmunan shukuhli o‘tkazish, joylarda aholi o‘rtasida yangi kun kayfiyatiga munosib tadbirlar, Navro‘z sayillarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarni o‘zida jamlagan muhim hujjat imzolanadi.   

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 fevralda qabul qilingan “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarorida ham xalqimiz an’ana va urf-odatlariga chin ma’nodagi ehtirom sifatida muhim vazifalar belgilandi.   

Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarini milliy qadriyat va an’analarimizga mos holda, yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:   

bayram tadbirlarini borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan ta’sirchan mazmun va shakl bilan o‘tkazish;   

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Navro‘zning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekanini aks ettirish kabi maqsadlar shular jumlasidandir.   

– Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarori, eng avvalo, xalq vakili sifatida bizda farovon kunlarning qadrini anglashga undasa, ikkinchi jihatdan elimizning bayramni munosib kutib olishida barchamizga mas’uliyat ham yuklaydi, – deydi Navoiy innovatsiyalar universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Alijon Ergashev. – Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanishi belgilandi. Bir qancha vaqt Navoiy shahridagi Taraqqiyot mahallasi raisi sifatida faoliyat yuritgan davrimda eslaymanki, hududimiz aholisi Navro‘z ayyomi yaqinlashishi bilan, avvalo, atrof-muhitni obodonlashtirish masalasida tashabbuslarini bildira boshlar, shukuhli bayramga munosib sharoitlar yaratishga ishtiyoqini namoyish etar edi. Ayniqsa, bunday kunlarda keksalar va ehtiyojmandlar holidan xabar olish kabi ezgu ishlar qarshisida “labbay“, deb taraddudlanar edi.   

Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan milliy qadriyatlarga mos tarzda yangi kun ayyomini kutib olishga kirishish qonimizga singib ketgan ezgu amallardandir. Bugungi kunda Navoiy innovatsiyalar universitetidagi vazifam jihatidan esa ayni Navro‘z ayyomi arafasida yoshlarimizning qalbiga ulug‘ qadriyatlar mohiyatini singdirish, ajdodlarimizga xos ma’naviy tarbiyaning ahamiyatini tushuntirib borish, ma’rifiy tadbirlarda Vatanga sadoqat tushunchalarni singdirishni maqsad qilganmiz.   

– Prezidentimizning qarorida bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishi inobatga olinib, keksa avlod vakillari, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish, turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish nazarda tutilgani yurtimizda inson qadrining ahamiyatini yanada namoyon etmoqda, – deydi Toshkent shahri Yangihayot tumani Charog‘on mahallasi faoli Anvar bobo Husniddinov. – Mehrga muhtoj qariya va nogironlarning ko‘nglini ko‘tarish masalasi aslida har kuni yurtimizning turli hududlarida davom etayotgan ezgu ishlardan biri bo‘lib kelmoqda. Ramazon oyida, Navro‘z ayyomi arafasida ularning alohida yodga olinishi esa hammasidan ahamiyatlidir.   

Insonning moddiy ehtiyojini ta’minlash bir savob bo‘lsa, uning ko‘nglini shod etish ming savobga daxldor. Qarorda shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlar, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini o‘tkazish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish qilish, bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish kabi vazifalar ham belgilanganiga ko‘zim tushdi. Bundan quvondim, chunki mahallamizning bugungi qiyofasi bayramona kasb etib, obodonlashdi. Aholisi orasida o‘ziga xos hunarmandlar, ilmsevar insonlar ko‘pligi bois, ibratli mahallalardagi biriga aylandik. Endi biz kabi mahalla nuroniylarining gardaniga shu yurtga, farovonlikka shukronalar aytish, duolar qilib yosh avlodlarimizni sadoqatga undash kabi ezgu amallar turganidan mamnunmiz.   

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring