Joriy yil 18-noyabrda poytaxtimizdagi “Hyatt Regancy Tashkent” mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkilotining Diaspora masalalari bo’yicha idoralar rahbarlarining oltinchi yig‘ilishi bo’lib o’tdi. Unda TDT kotibiyati, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, Qozog‘iston va O’zbekistondan a’zolar ishtirok etishdi.
Uchrashuv
O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo
munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi
tomonidan tashkil qilindi. Yig‘ilishda qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov
moderatorlik qilib ushbu kun munosabati bilan barchani samimiy qutladi va kun
tartibidagi masalalar muhokamasiga e’tibor qaratishni so‘radi. Shundan so‘ng, TDT bosh kotibining
o’rinbosari Merey Mukazhan, Qozog‘iston Respublikasi “Otandastar Fondi” rahbari
Daniyar Kadirov, Turkiyaning xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar qo’mitasi
raisi Abdulla Eren, Ozarbayjonning mehnat va diaspora bilan ishlash Davlat
qo’mitasining rais o’rinbosari Elshad Aliyev,
Qirg‘iz Respublikasi Mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va
migratsiya vazirligining bo’lim boshlig‘i Erkinbek Karimov, “Vatandoshlar”
jamoat fondi ijrochi direktori Odiljon Sattorovning nutqlari tinglandi. A’zolar
o‘zlarining qator taklif va tashabbuslarini aytib o‘tishdi.
Yig‘ilish
yakunida O’zbekiston “Vatandoshlar” fondi bilan Turkiya Respublikasi xorijdagi
turklar va qardosh jamiyatlar qo’mitasi o’rtasida Memorandum imzolash marosimi
bo’lib o’tdi.
Dastur
doirasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari
qo’mitasi raisi Rustambek Qurbonovning
TDT diaspora masalalari bo’yicha idoralari rahbarlari bilan alohida
uchrashuvlari ham tashkil qilindi.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda mazkur tashkilotga Ozarbayjon,
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O’zbekiston a’zo bo’lib, Vengriya va
Turkmaniston 2018-yildan buyon TDTda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
S.Po‘latova,
bo‘lim boshlig‘i
0 Izoh