Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O'zbekiston hunarmandlari Germaniyada bo'lib o'tgan yirik xalqaro ko'rgazmada ishtirok etdi

By Farangiz_Amirkulova - 12-Noyabr, 2024-yil 15:04 1,069 Koʻrishlar 0 Izoh

Germaniya poytaxtida o'tkazilgan "Bazaar Berlin" xalqaro ko'rgazmasida O'zbekistonning 11 nafar yetakchi hunarmand ustalari o'z mahsulotlari bilan ishtirok etdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA .

Berlinda 62-marotaba o'tkazilgan mazkur qo'l mehnati xalqaro ko'rgazmasida dunyoning 50 ta mamlakatidan 500 nafar hunarmandlar o'zlarining milliy mahsulotlarini namoyish etishdi. O'zbekiston, Portugaliya va Armaniston vakillari esa mazkur ko'rgazmada ilk bor qatnashdi.


– "Bazaar Berlin" ko'rgazmasiga tashrif buyurgan har bir kishida olis mamlakatlarga sayohat qilish istagi uyg'onadi. Bu yerda taqdim etilgan noyob mahsulotlar nafaqat dunyo xalqlari hunarmandchilik san'ati va an'analarini namoyish etadi, balki ularning o'z mamlakati tarixi va madaniyatidan hikoya qiladi, – dedi loyiha rahbari Ester Piil.


Yurtimiz vakillarining ushbu ko'rgazmada ishtiroki respublikamizning "Hunarmand" uyushmasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va AQSHning USAID tashkiloti biznesni qo'llab-quvvatlash markazi hamda O'zbekiston elchixonasi tomonidan ishlab chiqildi. Farg'ona vodiysining qo'li gul hunarmand ustalari tomonidan yaratilgan kashtalar, qo'l mehnatida bo'yalgan va to'qilgan ipak hamda satin matolar, kulolchilik, charm va zargarlik, pichoqchilik mahsulotlari mehmonlarni o'zbek xalqining ming yillik tarixga ega hunarmandchilik san'ati bilan yaqindan tanishtirdi.


 O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov mamlakatimiz stendiga tashrif buyurib, namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi. Diplomat mamlakatimiz hunarmandlarining noyob mahsulotlarini Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari bozoriga olib kirish bo'yicha intilishlarini qo'llab-quvvatlashini va ularga bu jarayonda yaqindan ko'mak berishga tayyorligini bildirdi.


Ushbu ko'rgazma shunchaki noyob san'at asarlari namoyishi emas, balki har bir tomoshabin uchun Farg'ona vodiysi hunarmandchilik maktabi tarixi bilan tanishish, zamonaviy san'at asarlarida qadimiy an'analar qanday uyg'unlashganini ko'rish, o'zbek hunarmandchilik maktabi an'analarini davom ettirish bo'yicha qilinayotgan ishlar haqida bilish imkoniyatidir.


Rasuljon Mirzaahmedov, Respublika "Hunarmand" uyushmasi raisi, milliy matolar to'qimachiligi maktabining 9-avlod vakili:


– Germaniya aholisi o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlariga yuqori qiziqish bildiryapti. O'ylaymanki, hunarmandlarimizning xorijdagi yirik ko'rgazmalarda ishtiroki va o'z mahsulotlarini namoyish etishi o'zbek milliy qadriyatlarini tanitishga xizmat qiladi. Nafaqat, Berlin, balki Germaniyaning boshqa yirik shaharlarida bo'lib o'tadigan navbatdagi ko'rgazmalarda respublika "Hunarmand" uyushmasi va O'zbekiston elchixonasi ko'magida o'zbek hunarmandlarining ishtirokini ta'minlashga kelishib oldik.


Beate Shorayt, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining hududiy loyiha menejeri:


– Markaziy Osiyoning yuragida, qadimiy Buyuk ipak yo'lida joylashgan O'zbekiston o'zining nomi bilan ipak va satin matolari, sopol idishlari, mustahkam pichoqlari bilan mashhur. Ko'p mamlakatlarda milliy hunarmandchilik an'analari yo'qolib ketmoqda. Maqsadimiz, boy tarixga ega o'zbek milliy hunarmandchiligining an'analarini saqlab qolish va rivojlantirishga o'z hissamizni qo'shish, hunarmandlarning xalqaro ko'rgazmalarda o'z mahsulotlarini sotish orqali yoshlar o'rtasida bu kasbning jozibadorligini oshirishdir. Shuningdek, ipak, metall, sopol va charmdan tayyorlangan hunarmandchilik buyumlarini zamonaviy dizayn bilan hamohangligini ta'minlash, hunarmandlar o'rtasida o'zaro muloqotni rivojlantirishga ko'maklashish asosiy maqsadimiz hisoblanadi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring