O'zbekiston Turizm qo'mitasi va turizm sohasi vakillari shu yilning 27-oktabr – 5-noyabr kunlari Malayziya musulmonlarga do'stona turizm standartlari va tajribasiga bag'ishlangan maxsus malaka oshirish dasturida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
O'quv kursi Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida mamlakat Islom turizm markazi tomonidan tashkil qilindi. Dastur doirasida sayyohlik klasterlarini rivojlantirishda musulmonlarga do'stona turizm standartlarini qo'llash, milliy va hududiy marketing strategiyalari, sohada davlat-xususiy sherikligi kabi mavzular qamrab olindi. Ishtirokchilar Kuala-Lumpur va Putrajaya shaharlari, Perak, Penang va Kedax shtatlarida bo'lib, turizm infratuzilmasi va hududiy sayyohlik ma'muriyatlari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida O'zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va respublika turizm salohiyatini rivojlantirish bo'yicha muhim dasturlar haqida xorijiy tomonga batafsil so'zlab berildi.
Islom turizmi markazi Malayziya Turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzurida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari – musulmon turizmini rivojlantirish va tegishli standartlarni tatbiq etish yo'nalishida ilmiy tadqiqot, konsalting xizmatlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish. Markaz turizm xizmatlarini musulmon sayyohlarning ehtiyojlariga mosligini tasdiqlovchi "Muslim-Friendly Tourism and Hospitality Assurance and Recognition" (MFAR) sertifikatsiyalash tizimini joriy qilgan.
Malayziya "Crescent Rating" xalqaro agentligining "Jahon musulmon turizmi indeksi" (Global Muslim Travel Index) reytingida birinchi o'rinni egallab kelmoqda.
0 Izoh