Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Yangi О‘zbekiston – bag‘rikenglik namunasi

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 30, 2025, 8:02 p.m. 1,448 Views 0 Comment

O‘zbekiston – qadimiy tarixga ega, ko‘p millatli mamlakat. Bu yerda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch va totuv hayot kechirayotgani bag‘rikenglik va insonparvarlik siyosatining natijasidir. Har jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar davri ramziy ma’noda “Yangi O‘zbekiston” deb atalayotgan ekan, uning taraqqiyotida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat jamiyatning barcha sohalari uchun asosiy qadriyatga aylandi.

Bugun O‘zbekiston dunyoga bag‘rikenglikning haqiqiy namunasi sifatida taqdim etilmoqda – bu yerda millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik so‘zdagina emas, balki amaliy hayotda ham yaqqol ko‘rinadi. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, natijada O‘zbekiston jahon hamjamiyati tomonidan tinchlik va bag‘rikenglik markazi sifatida e’tirof etildi.

Mamlakatdagi bag‘rikenglik tamoyilining huquqiy asoslari yaratilganini ham e’tirof etish joiz. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida barcha fuqarolar teng huquq va erkinliklarga ega ekanligi, ular jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qo‘yilgan. Bosh qomusimizning 35-moddasi fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlaydi, har kim o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yilning 15 noyabr kuni “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Bundan tashqari, millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Konsepsiya inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlashga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, 2021 yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi”gi qonun ham bag‘rikenglikning muhim hujjatidir. Unda dinlar o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlash, dinga e’tiqod qiluvchilar huquqlarini himoya qilish va kamsitishning oldini olish kabi normalar o‘z ifodasini topgan. Bu hujjatlar xalqaro standartlarga mos kelib, O‘zbekistonning tinchlik va hamjihatlik siyosatining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda 2025 yil avgust oyi holatiga mamlakat aholisi 38 milliondan ortiq bo‘lib, unda o‘zbeklar 84,6 foizni, tojiklar 4,8 foizni, qozoqlar 2,3 foizni, qoraqalpoqlar 2,2 foizni, ruslar 2,1 foizni va boshqa millatlar 4 foizni tashkil etadi. Bu nafaqat raqamlar, turli millat vakillarining o‘zaro hurmat va hamjihatlikdagi turmushidan dalolat qilishini unutmaslik kerak.

Jizzax viloyati misolida ham millatlararo hamjihatlikning amaliy namunasini ko‘rish mumkin. Viloyat aholisining asosiy qismini o‘zbeklar tashkil etsa-da, rus, tojik, qozoq, tatar, qirg‘iz, koreys va boshqa millat vakillari ham tinch-osoyishta, ahil hayot kechirib kelmoqda. Jumladan, hudud aholisining 85,6 foizi o‘zbeklar, 4,5 foizi ruslar, 2 foizi tojiklar, 1,8 foizi qozoqlar, 1,2 foizi tatarlar, 0,7 foizi qirg‘izlar, qolgan 4,2 foizi esa boshqa millat vakillaridan iboratdir. Bu ko‘rsatkichlar viloyatda millatlararo totuvlik va do‘stona munosabatlar amalda ta’minlanganidan dalolat beradi.

Yangi O‘zbekistonda har bir millat o‘z tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu bag‘rikenglikning haqiqiy namunasidir. Mamlakatimizda millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlash va rivojlantirish maqsadida bir qator muhim tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Jumladan, “Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi” bu yo‘nalishdagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi muhim organ hisoblanadi. Ushbu qo‘mita mamlakatimizdagi 157 ta milliy madaniy markaz, xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Jizzaxda qozoq, qirg‘iz, tojik, tatar, koreys va rus milliy madaniy markazlari faoliyat yuritib, ular o‘z o‘rnida turli etnik guruhlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish barobarida tillari, urf-odatlari va an’analarini saqlashda muhim o‘ringa ega hisoblanadi.  

Mamlakatimizda 30-iyul – “Xalqlar do‘stligi” kuni deb e’lon qilingan bo‘lib, bu bayram har yili keng nishonlanadi. Mazkur bayram keng miqyosli saylga aylanib, Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi barcha millat va  elat vakillari ham sayllar, madaniy tadbirlar, gastronomik ko‘rgazmalar orqali o‘z madaniyati, tili, urf-odatlarini targ‘ib qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bayram bir necha millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim o‘ringa ega hisoblanadi. Shu bilan birga, “Bag‘rikenglik haftaligi” kabi tadbirlar ham turli millat vakillarining madaniyati, san’ati va an’analari keng namoyish etish imkoniyatini beradi. Shuningdek, 2024 yilda Toshkentda o‘tkazilgan “Islom tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya dunyo rahbarlarini jalb etib, globallashuv sharoitida bag‘rikenglikni targ‘ib qilishning muhimligini namoyon etgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusi ham din erkinligini ta’minlash va kamsitishning oldini olishga qaratilgan. Bu chora-tadbirlar nafaqat millatlararo, balki dinlararo hamjihatlikni ham mustahkamlaydi, chunki O‘zbekiston aholisining katta qismi musulmon bo‘lsa-da, boshqa dinlar vakillari ham erkin faoliyat yuritadi.

Bag‘rikenglik – buyuk tariximizning ajralmas qismi. Buyuk ajdodlarimiz amalga oshirgan ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xususan, davlatchilik tarixida muhim islohotlar bilan yod etiluvchi sarkarda Amir Temur o‘z davlatida turli din va millat vakillariga erkinlik bergani, buyuk allomalarimiz, jumladan, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy kabi zotlar o‘z asarlarida insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etishgani hech kimga sir emas. Bugungi Yangi O‘zbekiston ajdodlar tajribasiga tayanib, bu an’analarni davom ettirmoqda.

Masalan, yurtimizda 16 ta diniy konfessiya va 2 276 ta diniy tashkilot faoliyat yuritib, ularning 166 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiylik, 1 tasi krishna jamiyati va 1 tasi budda ibodatxonasi hisoblanadi. Bularning barchasi mamlakatimizda diniy erkinliklar to‘la ta’minlanganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda umumta’lim maktablari 7 ta tilda faoliyat yuritadi. Mavjud 10 mingdan ortiq maktabning 245 tasi qoraqalpoq, 143 tasi qozoq, 92 tasi tojik, 88 tasi rus, 23 tasi turkman, 21 tasi qirg‘iz tilida ta’lim beradigan maktablar hisoblanadi. Shu jumladan, Jizzax viloyatining Forish, Do‘stlik, Baxmal, Zomin va Mirzacho‘l tumanlari hamda Jizzax shahridagi maktablarda darslar o‘zbek, rus, qozoq, tojik va rus tillarida olib boriladi.

Milliy teleradiokompaniya tomonidan TV va radio dasturlari uzatishda o‘zbek, rus, ingliz, koreys, tojik, qozoq, turkman, qozoq, qirg‘iz, tatar kabi tillardan foydalangan holda efirlar, ko‘rsatuvlar uzatiladi. Shuningdek, turli millatlarning milliy teatrlari va gazeta-jurnallari faoliyat yuritayotganini ham qayd etish kerak. Bularning barchasi mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev boshchiligida millatlararo totuvlikka e’tibor qaratayotganidan darak beradi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Bu siyosat huquqiy asoslar va madaniy markazlar faoliyati bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda, hamkorlik iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalarida ham ko‘rinadi. Jizzax viloyati misolida ham turli millat va elat vakillari ahil hayot kechirib, jamiyat barqarorligiga hissa qo‘shmoqda. Shu islohotlar tufayli bugun O‘zbekiston tinchlik va bag‘rikenglikning haqiqiy namunasiga aylanganini ko‘rish mumkin.

Yorqin SОDIKOV,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.

 


Tags:

0 Comment

Leave a Comment