Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Strategik sheriklikda yangi imkoniyatlar

By Muxtasar_Qodirova - April 25, 2026, 9:49 p.m. 1,204 Views 0 Comment

Xalqaro hamkorlik


Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarkibidagi Bortala-Mongol avtonom okrugi (Bochjou) bugungi kunda Yevrosiyo makonidagi muhim transport va savdo bog‘lamlaridan biri sifatida tobora ahamiyat kasb etmoqda.


Mazkur hudud geografik jihatdan Yevrosiyo qitʼasining ichki qismida joylashgan bo‘lib, g‘arb tomondan Qozog‘iston bilan chegaradoshdir. Chegaraning 372 kilometrga cho‘zilishi uni xalqaro savdo va tranzit uchun qulay hududga aylantirgan. Ayniqsa, Bochjou “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusining muhim bo‘g‘ini sifatida o‘rta yo‘lakda joylashgani bilan ajralib turadi. 





Hudud orqali Ikkinchi Yevrosiyo qitʼalararo temir yo‘l magistrali, Xitoy – Qozog‘iston neft quvuri, shuningdek, “G‘arb-Sharq” gaz quvurining ikkinchi tarmog‘i o‘tgani uning transport-logistika salohiyatini yana-da oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqalararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.


So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, transport, logistika, energetika va savdo sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar bu amaliy hamkorlikning ifodasidir. Shu nuqtai nazardan, Bochjou kabi hududlar Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda.


Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Bochjouning yalpi hududiy mahsuloti 54 milliard yuanga yaqinni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish surʼati 8,6 foizga teng bo‘lgan. Bu raqamlar hududdagi iqtisodiy faollik yuqori ekanini ko‘rsatadi.


Tabiiy sharoiti ham o‘ziga xos bo‘lgan mazkur hudud “ikki ko‘l va uch tog‘” relyefi bilan ajralib turadi. Bu yerda davlat va mintaqaviy darajadagi qo‘riqxonalar tashkil etilgani ekologik barqarorlikka alohida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.


Qisqacha aytganda, Bortala-Mongol avtonom okrugi nafaqat Xitoyning g‘arbiy hududlaridan biri, balki xalqaro savdo, transport va iqtisodiy hamkorlik nuqtai nazaridan muhim strategik makon sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu esa O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yana-da mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.


Nilufar Bozorova, O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment