Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Qudratimiz birlik va hamjihatlikda

By Muxtasar_Qodirova - 10-Aprel, 2025-yil 18:55 270 Koʻrishlar 0 Izoh

Surxondaryo viloyatida ozbek-tojik xalqlari birdamligida otkazilayotgan bahorning dostlik, totuvlik, bagrikenglik uluglangan shodiyonasi yuqori saviyada davom etmoqda.

Termiz shahridagi Alpomish va Denov tumanidagi tog‘li Sina-1 mahallasida tashkil etilgan tadbir “Qudratimiz birlik va hamjihatlikda” shiori ostida bo‘lib o‘tdi.

Tojik millatiga mansub aholi ham yashaydigan bu mahallalarning joriy yilgi bayram tadbiri O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining Xo‘jand shahridagi qo‘shma uchrashuvi o‘tkazilayotgan tarixiy kunga to‘g‘ri keldi.

 



Surxondaryoda o‘ttizdan ortiq millat va elat vakillari millatlararo totuvlikka shukrona aytib, osuda, ozod va obod yashamoqda. Ularning maqsadlari mushtarak. Niyatlari ulug‘. Qadimiy va hamisha navqiron vohani yanada rivojlantirib, bundan ham farovon, bugungidan ham to‘kin turmush kechirish yo‘lida bir oiladek ahil va inoq hayot kechirmoqda.  

Aslida viloyatda yashaydigan o‘zbek va tojik xalqlarini qiyofasi, xatti-harakatlari, kiyinishi yoki udumlariga qarab bir-biridan ajratish mushkul. Quda-anda, qavm-qarindosh bo‘lib ketgan. Ko‘klam keldi deguncha, ikki millat vakillari yashaydigan mahallalarda Navro‘z birgalikda nishonlanadi. Doshqozonlarda bahor taomi – sumalak pishirib, o‘yin-kulgi qiladi. Rang-barang tadbirlar tashkil etib, milliy urf-odat va san’atlarini namoyish etadi. Ehtiyojmand oilalarga saxovat ulashadi. Mahallalarda bir ko‘chada yashaydigan o‘zbek farzandlari bolalikda qo‘shnilaridan tojik tilini, tojik o‘g‘il-qizlari esa o‘zbek tilini o‘rganadi.  




Qadriyat va urf-odatlari bir-biriga juda o‘xshash, dini bir, qalbi daryo ikki millat vakillarining bu an’analari kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu udumlar qadimdan yon qo‘shni bo‘lib yashagan ikki xalqning bag‘rikeng, ko‘ngli pok ajdodlaridan meros qolgan. Biroq, sho‘rolar saltanati tugagach, yon qo‘shni ikki davlatning o‘tmishdan saqlanib qolgan ana shu an’analariga andak darz ketgandek bo‘ldi. Chegaralarga sun’iy to‘siq o‘rnatilib, odamlarning harakatlanishi cheklandi. Ko‘p yillar ikki davlatda yashaydigan quda-andalar, do‘stu birodarlar, qavmu qarindoshlar bir-birlarini sog‘inib, to‘y-tomoshalarida, musibatli kunlarida bir-birlarini kutib yashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan o‘zbek va tojik xalqlari uchun ushalmas orzuga aylangan ikki davlat o‘rtasidagi bordi-keldi munosabatlari yangi bosqichda qayta tiklandi. Bundan sakkiz yil muqaddam Surxondaryoni qo‘shni davlatning Xatlon viloyati bilan bog‘lovchi chegara posti qayta ochilgan tarixiy ko‘klam endi bo‘y ko‘rsata boshlagan o‘sha kunni ham o‘zbek-tojik xalqlari katta shodu xurramlikda nishonlagan edi.  





Ma’lumotlarga ko‘ra, vohadagi Tojikiston bilan chegara-bojxona postlari orqali birgina o‘tgan yili 1 million 475 mingdan ortiq kishi harakatlangan. Yoki kunlik ko‘rsatkich 4 mingdan ortiqni tashkil etgan. Viloyatning 24 mahallasi Tojikiston bilan chegarada joylashgan. Voha aholisining 50 foizidan ortig‘ini tojiklar tashkil etadigan 70 ta mahalla bor. Tojik bolalari uchun maktablardagi tojik sinflarida saboq berilmoqda. Termiz davlat universitetining tojik filologiyasi bo‘limida qardosh xalq farzandlari kasb sirlarini chuqur o‘rganayotir. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.  

Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi Sina-1 mahallasida tojiklar bilan birga o‘zbek va qozoq millatiga mansub aholi ham yashaydi. Ular 747 xonadonda yagona oiladek turmush kechirmoqda. Sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanayotgan so‘lim hududga bu yil “Turizm qishlog‘i” maqomini berish ko‘zda tutilgan. Mahalla ahli asosan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, pazandachilik, novvoylik, oshpazlik, hunarmandlik kabi yo‘nalishlar yaxshi rivojlangan.

Termiz shahridagi Alpomish mahallasida 1 ming 990 xonadonda 7 ming 300 dan ortiq 20 dan ziyod turli millat va elat vakillari ahil, to‘kin hayot kechirmoqda. Mahalla yildan-yilga rivojlanib, aholi uchun qulay sharoit yaratilayotir. Tojik millatiga mansub aholi ko‘proq yashaydigan hududda ikkita davlat, uchta xususiy shifoxona xizmat ko‘rsatadi. Bitta umumta’lim maktabi, bitta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Aholiga savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yuksalib borayotir.  

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘layotgan shodiyonalarda boshqa millat vakillari, xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.

– Surxondaryo menda boy taassurot uyg‘otdi, – deydi Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti dotsenti Alla Kuznetsova. –Boysun tabiatini, tarixiy va arxeologik yodgorliklarni tomosha qildik. Bugun erta tongdan shu tadbirga keldik. Bu yerda menga o‘zbek va tojik xalqlarining milliy an’ana va urf-odatlari, taomlari va o‘yinlari keng namoyish etilayotgani, barcha millat vakillarining birligi va jipsligi juda manzur bo‘ldi. Bunday urf-odatlarni asrab-avaylash va yosh avlodga namoyish etib, bolalikdan ularda mehr uyg‘otish qadimdan meros qolgan udumlarni kelgusi avlodlarga yetkazishda ham muhim o‘rin tutadi.  

– Ikki millatning do‘stlik, yaqin qardoshlik aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi, – deydi Tojik milliy madaniyat markazi rahbari Ramazon Abdullayev. – Bu do‘stlikka Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy hazratlari o‘z davrida yangicha asos solgan. Bizning davrimizga kelib, O‘zbekiston va Tojikistonning davlat rahbarlari yangi qiyofada rivojlantirmoqda. Tojikiston xalq artisti Boqi Raimzoda o‘zbek va tojik millati haqida so‘z yuritib, boshqa xalqlarni ajratish oson, lekin biz shu darajada yaqinlashib ketganmizki, ko‘rgan kishi “ey do‘st sen o‘zbekmi yo tojikmi”, degan savolni beradi, deya ikki xalqning do‘stligi va yaqin qardoshligini nozik tashbehlarda kuylagan. Xalqimiz qadimdagi o‘zaro qardoshlik aloqalarimiz yangi qiyofada qayta bo‘y ko‘rsatganidan mamnunligini ham har yil bahor ayyomida keng tarannum etishga odatlandi.





Do‘stlik bayrami doirasida sumalak va boshqa milliy taomlar tayyorlandi. Amaliy san’at va hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmalari, “Oq terakmi – ko‘k terak”, “Kuch sinash”, “Arqon tortish”, “Chillak”, “Yurtim polvonlari” milliy o‘yinlari, dorbozlar chiqishlari, “Varraklar sayli” kabi tadbirlar tashkil etildi. Folklor-etnografik ansambllar va baxshilarning, shoir va yozuvchilarning do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan chiqishlari, yaqin qardoshlik, birodarlik aks etgan boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar namoyish qilindi.  

Hududlarda o‘tkazilayotgan shodiyonalarda Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan “Hayit oshi – tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik oshi” shiori ostida “Hayit oshi” tayyorlanib, tarqatilmoqda. “Do‘stlik bog‘”lari barpo etilyapti.

Ona tabiat uyg‘onib, tevarak-atrofni yashil libosga burkayotgan fusunkor kunlarda o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari barcha millat va elat vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Termiz shahridagi Alpomish mahallasida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring