Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi

By Muxtasar_Qodirova - 9-Fevral, 2025-yil 0:54 747 Koʻrishlar 0 Izoh

“Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosining millatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi o’rni”. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, “O‘zbekiston” jurnali tahririyati, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida o‘tkazilgan tadbir ana shunday nomlandi. 

Tadbirni qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbanov ochib, mintaqamizda yashab o‘tgan mutafakkirlar o‘z ijodi bilan nafaqat shu zamin xalqlarini, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, do‘st-birodar bo‘lib yashashga da’vat etganligini ta’kidladi. 




Bugungi kunda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz va tojik xalqlarining buyuk mutaffakkirlari – Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Abay Qo‘nonboyev, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov va boshqa ko‘plab atoqli mutafakkirlarga hurmat va ehtirom ramzi sifatida haykallar va  barelflar o‘rnatilgan. Navoiy, Bobur, Rudakiy, Maxtumquli, Abay yoki To‘qtag‘ul kabi ulug‘ zotlarning barchasi o‘z ijodi bilan nafaqat mintaqa xalqlarini, balki butun bashariyat farzandlarini doimo mehr-oqibatli, do‘st – birodar bo‘lib yashashga da’vat etganlar.




Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan Navoiyning hayoti va ijodi, shoir g‘azallarida do‘stlik va adolatning tarannum etilishiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

   Emas oson  bu maydon ichra turmok,

   Nizomiy panjasiga panja urmok.

Sharq xamsachiligini boshlab bergan ulug‘ shoir Nizomiy Ganjaviy singari «Xamsa» yozishni maqsad qilgan daho ijodkor Nizomiddin Mir Alisher o‘z yo‘riqlari asosida qisqa muddat -  ikki yil ichida 51 ming misradan ortiq 5 dostonni yozib tugatdi. U ushbu ma’suliyatli hamda murakkab vazifani to‘laqonli ado etib, dunyodagi 4 ta xamsanavisning biri sifatida nom qoldirdi.  

Mutafakkir shoir haqiqat va adolat yo‘lida o‘zining mukammal yaratilgan bebaho asarlari bilan XV asrning ikkinchi yarmi, XVI asrning boshida til borasidagi bahs, muhokama va munozaralarga nuqta qo‘ydi. Navoiyning inson qalbini eng nozik tuyg‘ulari, ezgulik, hayot mazmunini teran ifoda etgan boy ijodiy merosi milliy adabiyotimizni taraqqiy etishida yangi bosqichni boshlab berdi.





Tarixiy manbaalarning xabar berishicha, o‘zining 60 yillik hayoti davomida Nizomiddin Mir Alisher ijodni davom ettirgani holda, xalqining farovonligi yulida 370 dan ziyod inshoot bunyod etdi, o‘zi ochgan ilm maskanlarida kambag‘allarning bolalarini bepul o‘qitdi, har yili muhtojlarga kiyim - bosh ehson qildi. Dorul shifoga Hirot, Xuroson, Hindistonning tabobat ilmida ko‘zga ko‘ringan yetuk mutaxassislarini to‘plab, ular o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ul ulug zot ushbu ishni foyda olish uchun emas, bemorlarning dardiga davo topish,ularning xastaliklariga malham bo‘lish uchun qilgan.




Milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, buyuk ajdodimizning so‘nmas dahosiga hurmat, uning boqiy ijodiy merosiga ehtirom ramzi sifatida nafaqat mamlakatimiz, shuningdek, Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon singari qator davlatlarda ham  haykal o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi To‘lqin Eshbek Alisher Navoiyning hayoti va ijod yo‘li haqida ma’ruza qildi. Buyuk mutafakkurning tilimiz va adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar qilib tarbiyalashda shoir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.




Tatar milliy markazi faoli Rinat Shigabdinovning ma’ruza mavzusi “Alisher Navoiy ijodi professor G‘.Sa’diyning ilmiy merosida” deb nomlanadi.

Tadbirda respublikamizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari tomonidan shoir ijodidan namunalar o‘qildi, ishtirokchilar e’tiboriga turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. 


                          Muallif   -   E.Xo‘jamurodov


Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring