Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

BIR MAKON, BIR YO‘LDAN – YAGONA MAQSAD SARI!

By admin - 20-Mart, 2024-yil 19:45 3,342 Koʻrishlar 0 Izoh

Asadbek Bobojonov. "O‘zbekiston" jurnali bosh muharriri

Bugungi kunda xalqaro munosabatlar davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston va Xitoy munosabati qadim tarixga ega. Har ikki xalqning uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy tarixiy merosi bor.

Buyuk Ipak Yo‘li kabi savdo yo‘llari azaldan mintaqalarni birlashtirib turgan. Bu yo‘l tinchlik, Sharq va Gʻarb o‘rtasidagi hamkorlik, ochiqlik ramzidir. Yuzlab yillar muqaddam ota-bobolarimiz tuyalar karvoni bilan bosib o‘tgan qadim tor so‘qmoq yo‘llar endi raqamli texnologiyalar orqali boshqariladigan zamonaviy, tezkor “Buyuk Ipak Yo‘li-2” bo‘lib qayta tiklanmoqda.

 “Xitoy O‘zbekistonning muhim savdo sherigi hisoblanadi. Har ikki mamlakat savdo va investisiya sohasida juda faol. Loyihalar “Ipak yo‘li iqtisodiy makoni”, “Bir makon, bir yo‘l” doirasida temir yo‘l, energetika va boshqa infratuzilma ob’yektlari qurilishini nazarda tutadi. Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda – o‘zaro savdo miqdori 8,3 milliard dollarga teng.”

2023 yil 17-18 oktyabr kunlari Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekiston” jurnali bosh muharriri A.Bobojonov ishtirok etdi.


Qayd etish kerak, Xitoy tashabbusi o‘tgan 10 yil davomida zamonaviy global rivojlanish kun tartibining ajralmas qismiga aylandi. Chin xalqida “Boyimoqchi bo‘lsang, ishni yo‘l qurishdan boshla!” degan hikmat bor. Odatda, xitoyliklar bir insonga yaxshi niyat, maqsad tilasa, maslahat sifatida shu gapni aytadi. Zero yo‘l insonning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladi, yurt iqtisodiyotini kuchaytirib, aholi turmush darajasini ko‘tarishga xizmat qiladi. Ekspertlar mazkur loyihada xitoyliklarning ushbu hikmati o‘z ifodasini topganini bot-bot takrorlashadi. Xitoy rahbari tomonidan bundan o‘n yil muqaddam ilgari surilgan g‘oya nafaqat bir mamlakatni, balki butun Janubiy va Markaziy Osiyoni, Afrika va Yevropa qit’asini ham qamrab olayotgan mega loyihaga aylandi. Tashabbusning mag‘zini chaqib, anglab yetgan uch qit’a, 140 davlat va 30 dan ziyod xalqaro tashkilot bugun “Bir makon, bir yo‘l”ni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ayni tadbirda ishtirok etish maqsadida amaliy tashrif bilan Pekin shahriga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari 17 oktyabr kuni XXR Raisi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.


Shavkat Mirziyoyev XXR Raisini Xitoy tashkil topgan kun hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining o‘n yillik yubileyi bilan dildan qutladi.

– “Makon va yo‘l” tashabbusi qisqa tarixiy davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi.

XXR Raisining “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi ilk bor 2016 yili O‘zbekistonda bildirilgani chuqur ramziy ma’noga ega, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

O‘zbekiston Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilishi alohida ta’kidlandi. 

Qayd etish kerak, keyingi yillarda Xitoy investisiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36 foizga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Yetakchilar madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida qizg‘in hamkorlikni yuksak baholadilar. 

O‘zbekistonda, ayniqsa, yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkent va Samarqanddagi Konfusiy institutining samarali faoliyati bunga katta hissa qo‘shmoqda. Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi.

O‘zbekiston Prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qildi.

Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Forumning asosiy tadbirlari 18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumining ochilish marosimida hamda “Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida “Yashil ipak yo‘lini” birgalikda barpo etish” mavzusidagi yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi.


Xitoy vise-prezidenti Xan Chjen moderatorligida o‘tgan sammit ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, davlat va hukumatlar yetakchilari, moliyaviy institutlar rahbarlari ham qatnashdi.

Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu ulug‘vor g‘oya tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlariga ega bo‘lgani va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylangani ta’kidlandi.

XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilk bor 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda ilgari surilgan ushbu tashabbusni O‘zbekiston har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatga to‘xtalib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyusiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirayotgani ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O‘zbekiston rahbari 2024 yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Mamlakatimiz “Yashil ipak yo‘li” doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi Xitoy hamda “Makon va yo‘l” tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini o‘z ichiga olgan “Yashil” taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonda “Yashil moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.

“Yashil” energetikaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. 


O‘zbekiston Prezidenti Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.

“Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida yetakchi xorijiy oliygohlar va ta’lim markazlari bilan hamkorlikda “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Bundan tashqari Prezidentimiz tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish masalasiga to‘xtaldi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida etno-ekologik festivallar, forumlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi “yashil” madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha Global dasturni ishga tushirishni taklif qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida forum yakunlari, unda bildirilgan g‘oya va takliflar insoniyatning “yashil” kelajagini barpo etish yo‘lida muhim hissa bo‘lishiga ishonch bildirdi. 

Pekin anjumani doirasida bo‘lib o‘tgan biznes-konferensiya a’zolari jami 97 milliard dollardan ziyod qiymatga ega hamkorlik bitimini imzolashdi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublkasi Raisi Si Szinpin bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, Xitoy “yashil” infratuzilma, “yashil” energetika va “yashil” transport sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi, “Makon va yo‘l” doirasida “yashil” taraqqiyot bo‘yicha Xalqaro ittifoqni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi. “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida 150 ga yaqin mamlakat, 30 dan ziyod tashkilot hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzoladi. Tadbir do‘stona ruhda yakunlandi.

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan “Bir makon bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Elchi Yuy Szyun forum natijalari, O‘zbekiston Prezidentining marosimdagi ishtiroki va ilgari surgan tashabbuslari haqida ma’lumot berdi. 


Diplomat davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning forumdagi tashabbuslarini yuqori baholadi. 

– Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangi O‘zbekistonni barpo etish kun tartibida ekologiya va atrof-muhitni asrash masalalari muhim o‘rin egallamoqda, yashil energetikani faol rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi janob Elchi. – O‘zbekiston rahbarining nutqi yashil taraqqiyotga intilish muhimligini, butun insoniyatning ertangi kuni uchun mas’uliyatni aks ettiradiki, buni Xitoy tomoni yuqori baholaydi. Nutqda ilgari surilgan tashabbuslar “Makon va yo‘l” doirasida yashil taraqqiyotga erishish borasidagi Pekin yondashuviga hamohang.


Elchi Yuy Szyun savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni to‘laqonli amalga oshirish, ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini tezroq ishga tushirish uchun sharoit yaratish zarurligini qayd etdi. Rasmiy Pekin yanada ko‘proq o‘zbek talabalarini qabul qilishga, stipendiyalar sonini oshirishga tayyorligi bildirildi.

Tadbirda o‘zaro madaniyat markazlari ta’sis etilishini tezlashtirish, “Luban” ustaxonasini ochish, kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida hamkorlik qilish va tajriba almashishni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. Diplomat Xitoy O‘zbekiston bilan Sian sammitida erishilgan kelishuvlarni izchillik bilan amalga oshirishga bel bog‘laganini ham qo‘shimcha qildi.



Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring