Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O'zbekiston-Turkmaniston: azaliy do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalariga sodiqlik timsoli

By Farangiz_Amirkulova - 11-Oktabr, 2024-yil 9:55 1,195 Koʻrishlar 0 Izoh

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha atoqli turkman mutafakkiri, Sharq mumtoz adabiyotining yetuk namoyandasi, shoir va ma’rifatparvar Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun Turkmanistonga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.



Ushba tashrif mamlakatlarimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega bo'lgan yaxshi qo'shnichilik, o'zaro manfaatli hamkorlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash siyosatiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.


O'zbekiston va Turkmaniston mintaqadagi yaqin qo'shnilar va vaqt sinovidan o'tgan hamkorlardir. Davlatlarimiz mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab yaxshi qo'shnichilik, o'zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan samarali siyosiy muloqotni yo'lga qo'yish orqali hamkorlikni faollashtirish yo'lini belgilab oldi.


Turkmaniston O'zbekistonning Markaziy Osiyoda o'zaro manfaatli hamkorlik hududini yaratish, mintaqaning xalqaro maydondagi roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan zamonaviy ochiq, konstruktiv tashqi siyosatini har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo'yicha ikki davlatning nuqtayi nazari va pozitsiyalari mos keladi yoki o'xshashdir.


Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so'nggi yillarda davlatlararo munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.


2017-yil ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda tarixiy palla bo'ldi. O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga uchta tashrifi, jumladan, 6-7-mart kunlari davlat tashrifi amalga oshirildi. Bu davlatimiz rahbarining oliy lavozimga saylanganidan keyingi ilk rasmiy xorijiy safaridir. Ushbu chuqur ramziy qadam ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi hamda ularga dinamik va keng qamrovli tus berdi.


2022-yilda ikki davlat rahbarlari o'zaro rasmiy tashriflarni, 2023-yilda esa ko'p tomonlama shakllarda ishtirok etish doirasida amaliy tashriflar bilan almashdilar. Ushbu uchrashuvlar, shubhasiz, Markaziy Osiyodagi umumiy mintaqamizda uzoq muddatli barqaror sheriklik, tinchlik va yaxshi qo'shnichilikni rivojlantirish va kengaytirishda muhim ahamiyatga ega bo'ldi.


Yuqori darajadagi hamkorlik ham izchil rivoj topmoqda. Parlamentlararo va idoralararo aloqalar ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama shakllarda mustahkamlanib borayotir.


Bugungi kunda 314 ta ikki tomonlama, jumladan, davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlardan iborat bo'lgan huquqiy baza shakllangan.


Shuningdek, Turkmaniston O'zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2023-yil yakuniga ko'ra, o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi, joriy yilning yanvar-avgust oylarida ushbu ko'rsatgich qariyb 520 million dollarga yetdi.


Mintaqalararo va transchegaraviy hamkorlik ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo'nalishi hisoblanadi. Buxoro va Xorazm viloyatlari hamda Turkmanistonning Lebap va Dashoguz velayatlari o'rtasida samarali aloqalar o'rnatildi. Tomonlar joriy yilning noyabr oyida Turkmanobod shahrida ikkinchi Hududlararo forumini o'tkazishga tayyorgarlik ko'rmoqda.


Ikki davlat mintaqada yirik energetika loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Transport sohasi ham munosabatlarning ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi. Mamlakatlarimizning o'zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo'llari uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini o'taydi.


O'zbek va turkman xalqlarini bir-biriga bog'lab turadigan tarix, madaniyat va urf-odatlar xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar rishtalarni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda.


O'zbekiston va Turkmaniston vakillari ikki davlat hududlarida o'tkazilayotgan turli madaniy tadbirlar, konsertlar, festival va tanlovlar, sport musobaqalarida doimiy tarzda ishtirok etadi.


O'zbekistondagi turkman diasporasi salkam 200 ming kishini tashkil qiladi. Yurtimizda turkman tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, O'zbekistonda turkman tilida ta’lim beradigan 44 ta maktab mavjud. Qoraqalpoq davlat universiteti turkman filologiyasi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tili o'qituvchilari tayyorlanmoqda.


O'zbekiston televideniyesining markaziy "Yoshlar" va Qoraqalpog'istondagi "Diyar" radiokanalida turkman tilida dasturlar efirga uzatilmoqda.


Albatta, o'zaro madaniy almashinuv xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash va o'zaro anglashuvni oshirishga xizmat qilayotir.


Davlatimiz rahbarining bo'lajak tashrifi nuqtayi nazaridan O'zbekistonda turkman xalqining buyuk farzandi Maxtumquli Firog'iyning boy merosi barchaga ma’lum va yuksak qadrlanayotganini alohida ta’kidlash muhimdir.


O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlangan bugungi kunda Maxtumquli Firog'iyning o'lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shoir xotirasiga 2017-yil may oyida o'zbek va turkman xalqlarining abadiy do'stligi va birodarligi belgisi sifatida Toshkent shahridagi ko'chalardan biriga buyuk turkman shoiri Maxtumquli Firog'iy nomi berildi va uning sharafiga yodgorlik o'rnatildi. Turkmaniston Prezidentining O'zbekistonga tashrifi munosabati bilan poytaxtimizda Ashxobod bog'i faoliyati yo'lga qo'yildi. Xivada barpo etilgan Maxtumquli yodgorlik majmuasi ham uning ijodi muxlislarini o'ziga tortadigan maskanga aylangan.


Joriy yil fevral oyida O'zbekiston Prezidentining mamlakatimizda shoir tavalludining 300 yilligini munosib nishonlash to'g'risidagi qarori qabul qilingani o'zbek xalqining Maxtumquli Firog'iyga, uning shaxsida esa qardosh turkman xalqiga hurmat-ehtiromining yorqin ifodasi bo'ldi. Hujjatda Maxtumquli Firog'iyning "Tanlangan asarlari"ni hamda uning hayoti va ijodiga bag'ishlangan ilmiy maqolalar to'plamini chop etishga tayyorlash va nashr etish, uning hayoti va ijodi haqida spektakl sahnalashtirish va O'zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog'iyga bag'ishlangan badiiy film yaratish ko'zda tutilgan.


Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning atoqli turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etishi qardosh turkman xalqining madaniyati hamda merosiga yuksak hurmat va ehtirom ko'rsatilishini yana bir bor tasdiqlaydi va, albatta mamlakatlarimiz o'rtasidagi azaliy do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga muhim hissa qo'shadi.


O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring