Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Jahon she’riyatining mangu siymosi

By Muxtasar_Qodirova - 9 февраля 2026 г. 23:32 1,156 Просмотры 0 Комментарий

Mamlakatimiz va xorijda buyuk shoir va mutafakkir, alloma bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan forumlar, anjumanlar, simpoziumlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunday tadbirlar poytaxtimizda ham baland ruhda o‘tkazilmoqda.

Bugun, 9 fevral poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni milliy so‘z san’atimiz ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ldi.

Bayramona va yanada fayzli qiyofa kasb etgan ushbu muazzam maydonda – Alisher Navoiy haykali poyida  shoir bobomiz tavallud sanasi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. Tantanali tadbirga O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Yozuvchilar uyushmasi, turli vazirlik va idoralar, milliy madaniyat markazlari, oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilot vakillari taklif etildi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adabiy anjumanni kirish so‘zi bilan ochar ekan, mamlakatimizda milliy adabiyotimiz, ma’naviyatni rivojlantirish, Vatanimizning  shonli tarixini o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz merosini tadqiq etish yangi O‘zbekistonning ma’rifiy poydevorini yaratishda muhim asos bo‘layotganini e’tirof etdi.  

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov, italiyalik mehmon, “Sandro Teti Editor” nashriyoti asoschisi va rahbari Sandro Teti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari, navoiyshunos Olimjon Davlatov ulug‘ mutafakkirning boy ma’naviy merosi, ularda tarannum etilgan ezgu g‘oyalarning ahamiyati, asarlarining xorijda o‘rganilishi haqida batafsil so‘zladi.  

— Alisher Navoiy jahon madaniyati, adabiyotida o‘zgacha o‘rin tutadi, – dedi Qirg‘iz Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov. – Uning adabiy merosi – insoniyat merosi, turkiy xalqlar axloqining betakror ramzi. Navoiy xalqlarimizni yanada bir-biriga yaqinlashtiradi. Uning g‘oyalari qirg‘iz adabiyotiga juda yaqindir. Yaqinda O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali qad rostladi. Navoiy biz uchun doim ma’naviy mayoq bo‘lib qolaveradi.  

–  Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarining to‘liq tarjimasini italyan tilida nashr etganimizni ma’lum qilishdan g‘oyat mamnunman, – dedi  Italiyaning “Sandro Teti Editor” nashriyoti asoschisi va rahbari Sandro Teti. – Ilk marta italiyaliklar ulug‘ allomaning “Lison ut-tayr” asarini, ya’ni dunyo adabiyotining nodir namunasining to‘liq shaklini o‘z ona tilida o‘qishga musharraf bo‘ldilar. Bu Navoiy merosidan shunchaki bahramandlik emas, balki yangilanish jarayonlarini kechirayotgan O‘zbekistonning boy adabiy, badiiy, tarixiy merosi bilan tanishuv hamdir. Bu asar – betakror ilhom, ma’rifat manbai. Ustozim, taniqli olim, akademik Franko Kardini “biz o‘zbek xalqidan juda qarzdormiz, negaki bu yurtning allomalari asarlaridan fikrlarni manbasini  keltirmay ilmiy, adabiy iqtiboslar keltirganmiz”, deb haqqoniy aytgandi. Nazarimda, bu xatoni tuzatish fursati allaqachon yetgan. Dante eski o‘zbek tilini o‘zbek tilining yuksalishining boshlanishi, deb ta’rif bergandi. Bugun O‘zbekiston shiddat bilan rivojlanmoqda va bunda uchinchi Renessans poydevori uchun muhim asos yaratilmoqda.    

Tantanali anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid “Hazrat Navoiy ziyorati” nomli she’rini o‘qib berdi.  

Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli xonandasi, “Shuhrat” medali sohibasi Mohichehra Jumanova Navoiy g‘azali bilan kuylanuvchi qo‘shiq ijro etdi. 

Anjumanda Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti va Jahon tillari universitetida tahsil olayotgan mamlakatimiz va xorijlik talabalar tomonidan Alisher Navoiy she’riyatidan namunalar o‘qildi.  

Ishtirokchilar Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.  

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.  

Alloma bobomiz tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar, anjumanlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий