Sariosiyo tumanida “Birgalikda kuchmiz” shiori ostida turli millat va elat vakillari ishtirokida ekologik aksiya tashkil etildi. Tadbirda 100 dan ziyod yoshlar va keng jamoatchilik vakillari faol qatnashdi.

Aksiya doirasida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi tashabbusi bilan M. Ulug‘bek va Billur mahallalaridan o‘tuvchi asosiy ko‘chaning 1,5 kilometrlik qismi obodonlashtirildi. Ishtirokchilar ko‘cha bo‘ylab tozalash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirib, hududni yanada chiroyli va ozoda qilishga hissa qo‘shdilar.

So‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur aksiya ham ana shu sa’y-harakatlarning yorqin ifodasiga aylandi.
Ishtirokchilar bunday tadbirlar nafaqat atrof-muhitni asrashga, balki turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
0 Комментарий