Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar

By Muxtasar_Qodirova - 19 августа 2025 г. 15:04 403 Просмотры 0 Комментарий



Joriy yil 15-18 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Tokio va Osakada shaharlarida bo‘lib, turli uchrashuv, muloqotlar o‘tkazdi. Xususan, kun chiqar yurtning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI), Xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), shuningdek “Sojitz Corporation”, “Washin Trading”, “Le One Co. Ltd.”, “Daido Industries”, OMETA, “ITO Corporation”, “Okamoto Corporation”, “Masui” kabi yirik kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi.


METI rahbari Masaki Ogushi bilan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro investitsiyani rag‘batlantirish, energiya tejovchi texnologiyani joriy etish va kam uglerodli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida loyihalarni qo‘shma kreditlash mexanizmi doirasida hamkorlik o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turini ko‘paytirish, o‘zbek gilosiga fitosanitariya ruxsatnomasi olish jarayonini jadallashtirish, energetika, strategik metallni qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish bo‘yicha sheriklik masalalari muhokama qilindi.



JBIC rahbariyati bilan amaldagi loyihalarni tezlashtirish, yangi tashabbuslarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish va xususiy sektorni yanada kengroq qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.



Nufuzli kompaniyalar vakillari bilan kechgan suhbatlarda energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, infratuzilma yaratish, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va “aqlli” dehqonchilik texnologiyasini joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqboli tahlil qilindi. Xususan, “Sojitz Corporation” bilan muzokara yakunida energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yangi “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Delegatsiyamiz Osakada bo‘lib o‘tayotgan EXPO-2025 doirasida uyushtirilgan O‘zbekiston Milliy kuni tadbirlarida ham ishtirok etdi.



Umuman, bu galgi tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning yuqori darajasini yana bir bor namoyon etib, investitsiya hamkorligini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

G.Sattorova, O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий