Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konferensiyasidagi nutqi

By Muxtasar_Qodirova - 5 августа 2025 г. 15:09 325 Просмотры 0 Комментарий

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkmaniston xalqining Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va bugungi konferensiyani yuksak darajada tashkil etganlari uchun chin qalbimdan minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu forumning Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yilida, Kaspiy mo‘jizasi – go‘zal Avazada o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega.

O‘zbekiston qardosh Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi va qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning muammolarini ustuvor xalqaro masala sifatida ilgari surishga shaxsan e’tibor ko‘rsatib kelayotgani uchun alohida tashakkur bildiraman.

Biz Avaza siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘n yillik Harakatlar dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etamiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar barchamiz uchun hayotiy muhim ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz dengiz kommunikatsiyalariga faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkin. Biz uchun deyarli uch ming kilometr masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Bular – yuqori tariflar, transport yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani, shuningdek, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlikda namoyon bo‘lmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.

Shu bois ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.

Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir.

Bu o‘ta dolzarb vazifani hal etish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim. Bular – barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, global teng huquqlilikning muhim elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir.

Shu maqsadda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda, xususiy sektorni faol jalb etgan holda, zamonaviy transport-logistika tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha tizimli qadamlar tashlanganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Mamlakatimiz logistika ochiqligi va shaffofligi masalalarida yuqori dinamika ko‘rsatmoqda. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyotda tuzilmaviy islohotlar, savdo tizimi liberallashgani va investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani salmoqli natijalar bermoqda. Raqobatdoshlik oshdi, innovatsion taraqqiyot tezlashdi.

Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda.

Hozirgi kunda mintaqamizda yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubi o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirish uchun dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 4,5 marta, sarmoyalar esa ikki barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni besh karra ko‘paydi.

Joriy yilda hamkorlarimiz bilan birga Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga kirishdik. O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya transport yo‘lagida yuk tashish hajmi sezilarli darajada o‘sdi.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Bugun umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha aniq, amaliy va institutsional jihatdan ta’minlangan qarorlar o‘ta muhimdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston quyidagilarni taklif etadi.

Birinchidan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur.

Biz O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz. Ushbu istiqbolli yo‘lakni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.

Biz, shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Uni to‘liq ishga tushirish uchun, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab tobora o‘sib bormoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar yiliga qariyb 40 milliard dollar, deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif etamiz. Ushbu jamg‘armaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.

To‘rtinchidan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.

Bu mamlakatlarimizning tranzit borasida cheklangan imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish va mavjud sharoitlardan kelib chiqib, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali taqsimlashning ta’sirchan vositasiga aylanadi.

Eng asosiysi – ushbu indeks mamlakatlarimizning raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga olinishi kerak.

Beshinchidan, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish bo‘yicha taklifimizni amalga oshirish prinsipial ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Mazkur xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish muhim.

Bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilamiz. Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.

O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Global bozorlarga chiqish barcha uchun teng bo‘lishi kerak. Bu – nafaqat iqtisodiy zarurat, balki birinchi galda, barqaror rivojlanishning muhim omili, xalqaro munosabatlarda ishonch va hamkorlik shartidir.

O‘zbekiston global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish borasida konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka doim ochiq va tayyor ekanini sizlarga yana bir bor bildirmoqchiman.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий