Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

“Doʻstlik nigohi” fotoko‘rgazmasi

By Muxtasar_Qodirova - 28 июля 2025 г. 20:32 389 Просмотры 0 Комментарий

Mamlakatda millatlararo totuvlikni, do‘stlikni mustahkamlash, bag‘rikenglik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Do‘stlik” festivali doirasida “Do‘stlik nigohi” qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, OAV vakillari ishtirok etdi. 




Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston xalqining qadimiy do‘stlik, totuvlik va o‘zaro hurmat an’analarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, unda turli millat va elat vakillarining turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati aks etgan noyob fotolavhalar namoyish etildi.




Tadbirni Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Olimjon Narzullayev ochib berdi. Notiq jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, ko‘p millatli yagona oila sifatida Vatanimizda do‘stlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.




So‘ngra O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov so‘zga chiqib, ushbu an’anaviy fotoko‘rgazma mamlakatimizda millatlararo ahillik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini, bu kabi tadbirlar orqali xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik va madaniy almashinuv yuksalib borayotganini ta’kidladi.




Shuningdek, tadbir davomida yurtimizdagi turli milliy madaniy markazlar rahbarlari ham so‘z olib, ko‘rgazmaning dolzarbligi, uning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, xalq diplomatiyasi yo‘lidagi ahamiyatini alohida e’tirof etdilar.




Bugungi ko‘rgazmada Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan 100 dan ortiq asarlar namoyish etildi. 




Mazkur fotoko'rgazma 29-iyulda ham davom etadi. Barcha yurtdoshlarimiz va poytaxtimiz mehmonlarini ko'rgazmaga taklif etamiz!  



Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий