Mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri – “Jenmin jibao” gazetasi va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati tomonidan tashkil qilingan tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlarning axborot sohasiga mas’ul vazirlik, idoralari, yetakchi axborot agentliklari, yirik OAV va media tuzilmalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuy, “Jenmin jibao” gazetasi Bosh direktori Yuy Shaolyan va SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon ishtirokchilarni qutladi.
Anjumanning asosiy ma’ruzachilari qatorida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ham so‘zga chiqdi. O‘zA rahbari o‘z ma’ruzasida dastlab Xitoyning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan hamkorligi, ayniqsa axborot sohasidagi izchil sheriklik mavzusiga to‘xtaldi. Aloqalar mustahkamlanishida davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan, o‘zaro ishonch va yaqin do‘stlikka asoslangan munosabatlar hal qiluvchi ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyatli faoliyati jahon miqyosida e’tirof etilayotganiga to‘xtalarkan, A.Ko‘chimov forum qatnashchilari e’tiborini ayni jarayonda OAV zimmasiga ham ulkan mas’uliyat tushishi va bu yo‘lda umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligiga qaratdi.
Shuningdek, anjumanning birinchi kunida “Jenmin jibao” gazetasi va “Xuansyu shibao” (Global Times) gazetasi Tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Umumiy uyimiz – SHHT davlatlari rivojlanishi bo‘yicha ijtimoiy so‘rov” hisoboti taqdim etildi. So‘rov natijasiga ko‘ra, SHHT makonidagi xalqlar “Shanxay ruhi”ni keng miqyosda qo‘llab-quvvatlab, turli sohalardagi davlatlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish bildirgan.
Umuman, tadqiqot “Shanxay ruhi” SHHTga a’zo davlatlar xalqlarining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga intilishini aks ettirgan holda, avvalgidek birlashtiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilayotganini yaqqol namoyon etgan.
Forumda jahon ommaviy axborot vositalari oldida turgan eng muhim vazifalar yuzasidan fikr almashilmoqda.
Sherzod Isayev, O‘zA
0 Комментарий