Festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq har ikki yilda bir marta o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, 2019 yilda Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida 20 dan ortiq davlatdan folklorshunos olimlar ishtirok etgan edi. Ikkinchi festival esa 2021 yilda Nukus shahrida tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosi va baxshichilik san’ati namoyish etilgan. Mazkur madaniy tadbirga 30 dan ziyod mamlakat vakillari tashrif buyurgan edi. 2023 yilgi uchinchi festival Gulistonda o‘tkazilib, 40 dan ortiq mamlakatdan musiqashunos, folklorshunos va ijrochilarni bir joyga to‘plagan.
Festivalda doim dunyoning turli nuqtalaridan ilmiy doira vakillari va ijodkorlar, tadqiqotchi va musiqachilar yig‘ilgan. Navbatdagi to‘rtinchi festival o‘zining boy tarixi va baxshichilik san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi bilan tanilgan, Xorazm viloyatining madaniy poytaxti bo‘lmish Xivada o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025 yil 19 fevraldagi topshirig‘i hamda O‘zbekiston madaniyat vazirining 2025 yil 27 martdagi “IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash, shuningdek ushbu san’atni respublika va xalqaro darajada keng targ‘ib etish, “ustoz-shogird” an’analari asosida baxshichilik maktablarining noyob ijro usullarini tiklash va rivojlantirish maqsadida “II Turkiy dunyo madaniyati forumi” va “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.
“II Turkiy dunyo madaniyati forumi” va xalqaro anjuman oldidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — madaniyat vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda festivalning asosiy maqsadlari, uning nomoddiy madaniy merosimizni saqlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Uch kun davomida Xiva O‘zbekiston va xalqaro maydonda baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun yangi ufqlarni ochib, ilmiy va ijodiy muloqot markaziga aylanadi.
0 Комментарий