O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, "Vatandoshlar" jamoat fondi va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda Yevropa mintaqasida birinchi vatandoshlar mintaqaviy forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Forumning asosiy maqsadi xorijda yashayotgan vatandoshlarni Yangi O'zbekiston atrofida birlashtirish, ularning taklif va tashabbuslarini yaqindan o'rganish va 2026-yilda bo'lib o'tadigan Butunjahon O'zbekistonliklar qurultoyida qatnashadigan hududlardagi delegatlarni davlatlar kesimida tayinlashga erishishdan iborat. Shu bilan birga, xorijdagi vatandoshlar jamoalari va o'zbek diasporalarining milliy o'zligini saqlashga ko'maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishni qo'llab-quvvatlash va yangi tashabbuslarni rag'batlantirish maqsad qilindi.
Tadbirda Yevropaning 20 ta davlatidan kelgan vatandoshlar delegatsiyasi, Germaniya jamoatchiligi hamda OAV ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida "Vatandoshlar" jamoat fondi boshqaruvi raisi Odiljon Sattorov so'zga chiqib, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur fond faoliyati, xorijdagi vatandoshlarga Yangi O'zbekistonni tanishtirish maqsadida tashkil etilayotgan tadbirlar, yoshlarning xorijda ta'lim olishi uchun davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi. Vatandoshlarning mintaqaviy forumini tashkil etish orqali ularning mamlakatimiz rivoji yo'lidagi taklif va tashabbuslarini o'rganish vatandoshlar bilan aloqalarning yangi davrining boshlaganini ta'kidladi. "Vatandoshlar" jamoat fondi xorijdagi yurtdoshlarni jipslashtirish, milliy madaniyatimiz va an'analarimizni saqlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilishi urg'ulandi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlar bilan muloqot va migratsiya masalalari bo'limi boshlig'i Azim Muhammedjanov, Ma'naviyat va ma'rifat markazi qoshidagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti direktori Olim Davlatov, Toshkent Vestminster universiteti prorektori Bahrom Mirkasimov va Yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi rahbari Otabek Shavkatov o'z chiqishlarida forumning ahamiyati va vazifalari, uning doirasida erishilajak kelishuv va yurtdoshlarimizning tashabbuslari kelgusida O'zbekiston va Yevropa davlatlari o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etdilar.
Forumning rasmiy ochilish qismidan so'ng bir qator panel sessiyalar o'tkazildi. Ularda "Yangi O'zbekiston va Yangi Renessans: islohotlar, ilm-fan va innovatsiyalar", "Tadbirkorlik, investitsiya va yashil iqtisodiyot" va "Milliy madaniyat, turizm va vatandoshlarning global hamkorligi" mavzulari muhokama qilindi. Muhokamalarda asosan O'zbekiston va Yevropa davlatlari o'rtasida savdo-investitsiya, tibbiyot va axborot-texnologiyalari sohasida aloqalarni rivojlantirish, o'zbek tili, madaniyati va an'analarini saqlash hamda targ'ib qilish ishlarini kuchaytirish, yurtdoshlar ishtirokida ta'lim va yoshlar loyihalarini qo'llab-quvvatlash orqali ilm-fan va madaniy almashinuvni kengaytirish mavzulariga e'tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida vatandosh blogerlar uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda yurtimizda va xorijda faoliyat yuritayotgan taniqli o'zbek blogerlari o'z tajribalari va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatlari haqida so'zlab berdilar. O'zbekistonlik blogerlar uchrashuvi yurtimizning xorijda nufuzini yana-da oshirish, vatandoshlarni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi g'oya va takliflarga boy tarzda o'tdi.
Tadbir doirasida taniqli bloger Otabek Mahkamovning "Yuksaklik sari tasodif bo'lmagan 100 ta uchrashuv" kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi.
Bundan tashqari, forumda Germaniyadagi o'zbekistonlik vatandoshlarning yangi uyushmasi "Anor" o'zbek-olmon vatandosh jamiyatining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Ushbu jamiyat o'z safida Germaniyada yashovchi faol vatandoshlarni birlashtirib, ularning tashabbus va loyihalarini muvofiqlashtirishni maqsad qilgan. Jamiyat ochilishi munosabati bilan "Vatandoshlar" jamoat fondi va "Anor" jamiyati o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat kelgusida ikkala tomon bilan birgalikda qator dastur va loyihalarni amalga oshirish, Germaniyadagi yurtdoshlarimiz faoliyatini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Birinchi "Vatandoshlar mintaqaviy forumi" an'anaviy Navro'z bayram dasturi bilan yakuniga yetdi. Diplomatik vakolatxonasida haqiqiy bahoriy bayram muhiti yaratildi. O'zbekistondan tashrif buyurgan taniqli san'atkorlarning chiqishlari yig'ilganlarda katta taassurot qoldirishi barobarida, yurtidan olisda ilmiy va mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan yurt sog'inchida yashayotgan o'zbekistonliklarga haqiqiy bayram shukuhini ulashdi.
0 Комментарий