Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: mintaqaviy hamkorlik va o'zaro bog'liqlik sari

By Farangiz_Amirkulova - 3 апреля 2025 г. 9:53 517 Просмотры 0 Комментарий

4-aprel kuni Samarqand shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

Mazkur tadbir muhim siyosiy voqeaga aylanadi va ikki mintaqa o'rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradi.


2022 va 2023-yillarda Ostona va Cho'lpon-Ota shaharlarida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi rahbarlarining uchrashuvlari ushbu formatni institutsionalizatsiya qilishning muhim sharti bo'ldi. Samarqand sammitining o'tkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi o'zaro hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilganidan, shuningdek, ikki tomonlama muloqotning yuqori ahamiyati borligidan dalolat beradi.


Oliy darajadagi "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" formatini  yo'lga qo'yish tashabbusi 2022 yilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelning Ostonadagi uchrashuvi chog'ida ilgari surilganini alohida ta’kidlash kerak.


Bu tashabbus O'zbekistonning tashqi siyosiy doktrinasiga mos keladi, unda Markaziy Osiyoni birlashtirish, shuningdek, mintaqada barqaror rivojlanishga, shu jumladan samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali erishishga qaratilgan sa’y-harakatlar ustuvor hisoblanadi.


Umuman olganda, O'zbekistonning mintaqaviy siyosati tufayli Markaziy Osiyoda boshlangan integratsiya jarayonlari Yevropa Ittifoqining mintaqa bilan ko'p qirrali hamkorlikni faollashtirishga qiziqishi ortishiga xizmat qildi. 2019-yilda Yevropa Ittifoqining mintaqa davlatlari bilan o'zaro hamkorligi uchun yangi siyosiy asos yaratgan YEIning Markaziy Osiyo bo'yicha yangilangan strategiyasining qabul qilinishi buning dalilidir. Yangilangan strategiya Yevropa Ittifoqi siyosatini mintaqada ochilayotgan yangi imkoniyatlarga moslashtirib, uning strategik ahamiyati ortib borayotganini ta’kidladi.


Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining Ostonadagi birinchi uchrashuvidan keyingi qisqa vaqt ichida konstruktiv siyosiy muloqot va ko'p qirrali sheriklikni rivojlantirish bo'yicha katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" o'zaro bog'liqlik konferensiyasi bo'lib o'tdi. Unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalarida, jumladan, Yevropa Ittifoqining "Global darvoza" strategiyasi doirasidagi loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoda kasb-hunar ta’limi va barqaror energiya tizimi sohasida qator muhim mintaqaviy loyihalar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati forumi, ikkinchi Iqtisodiy forum va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig'ilishi muvaffaqiyatli bo'lib o'tdi. Muntazam ravishda vazirlar darajasidagi uchrashuvlar, shuningdek, siyosiy va xavfsizlik masalalari bo'yicha "Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi" yuqori darajadagi muloqotlari o'tkazilyapti. Ushbu voqealar tomonlarning o'zaro manfaatli muloqotda sifat o'zgarishlariga intilishlarini namoyish etadi.


O'zbekiston "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" ko'p tomonlama formatida faol pozitsiyani egallab, ayni paytda ikki tomonlama munosabatlarni o'zaro hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqmoqda.


"Biz Yevropa Ittifoqining mintaqa ochiqligini ta’minlash, uning ravnaqi va subyektligini mustahkamlashga qaratilgan intilishlarimizni qo'llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz, – dedi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti oldidan "Euronews"ga bergan intervyusida. –Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni barqaror va jadal rivojlanayotgan, barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq va teng huquqli sheriklikka tayyor bo'lgan mintaqaga aylantirishdek maqsadimizda biz bilan hamfikr ekani juda muhimdir".


2016-yildan boshlab, mamlakatimizdagi siyosiy o'zgarishlar yanada yaqin xalqaro hamkorlikka yo'l ochib, investitsiya va taraqqiyot uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga xizmat qilar ekan, Yevropa Ittifoqi O'zbekistonda yanada inklyuziv iqtisodiy o'sishga erishish va fuqarolar hayotini yaxshilash uchun muhim bo'lgan yirik o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlamoqda.


2018-yilda Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim bo'yicha muzokaralarni boshladi, bu munosabatlarni modernizatsiya qilish va chuqurlashtirishdan umumiy manfaatdor ekanini namoyish etdi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim 2022 yil iyul oyida parafinlangan bo'lib, u 1996 yilda imzolangan amaldagi kelishuv o'rnini egallaydi va munosabatlar ko'lamini ham iqtisodiy, ham boshqa sohalarda kengaytirib, bugungi kun voqeligiga moslashtiradi.

Amalga oshirilayotgan tub islohotlarni e’tirof etgan holda mamlakatimizga 2021-yil 10-aprelda Yevropa Ittifoqining "GSP+" maqomi berildi va bu yangi iqtisodiy va savdo imkoniyatlarini ochdi.


Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelning 2022-yil oktyabr oyida O'zbekistonga tashrifi O'zbekiston-Yevropa munosabatlari tarixidagi muhim voqea bo'ldi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari, jumladan, Yevropa Ittifoqining islohotlarni qo'llab-quvvatlashi, gender tengligi va savdo va sarmoyaviy sohalarda muvaffaqiyatli sheriklik munosabatlari muhokama qilindi.


Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini oliy darajadagi o'zaro tashriflar dinamikasi ham tasdiqlaydi. Jumladan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya (2018-yil oktabr, 2025-yil mart), Germaniya (2019-yil yanvar, 2023-yil may), Italiya (2023-yil iyun)da bo'ldi. O'z navbatida. Yevropa yetakchilari ham O'zbekistonga rasmiy va davlat tashriflari bilan keldilar. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron (2023-yil noyabr), Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer (2023-yil may), Italiya Prezidenti Serjo Mattarella (2023 yil noyabr), Germaniya federal Kansleri Olaf Shols (2024 yil sentyabr) tashrif bilan yurtimizga keldi.


Ushbu tashriflar natijasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir salmoqli hujjatlar to'plami imzolandi, ularning umumiy qiymati o'n milliard dollardan oshadi.


Yevropa Ittifoqining O'zbekiston uchun 2021-2027-yillarga mo'ljallangan Ko'p yillik indikativ dasturining qabul qilinishi YEI bilan hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi, bu raqamlashtirish, "yashil" iqtisodiyot, energiya samaradorligi va suvdan foydalanish kabi sohalarda hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochdi.


Ushbu dasturlar doirasida gumanitar loyihalar ham faol rivojlanmoqda, jumladan, Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan madaniy almashuv va hamkorlik O'zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda namoyish etish imkonini bermoqda.


Siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm, madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan ushbu muvaffaqiyatli sheriklik O'zbekiston bilan YEI o'rtasidagi munosabatlardagi sifat o'zgarishlarini tasdiqlab, Markaziy Osiyoning xalqaro maydonda muhim va istiqbolli mintaqa sifatidagi nufuzini oshirmoqda.


"Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitining O'zbekistonda, ya’ni tarixiy Samarqand shahrida o'tkazilishi mamlakatimizning mintaqadagi integratsiya jarayonlaridagi mustahkamlovchi roli hamda "Markaziy Osiyo+" platformalarida mintaqaviy o'zaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro aloqalarni kengaytirish borasidagi faol sa’y-harakatlarining e’tirofidir.


Bo'lajak sammit yakunlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham, Yevropa Ittifoqi uchun ham keng istiqbollarni ochib berishi, iqtisodiy, investitsiya va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, savdo imkoniyatlarini kengaytirish va ikki mintaqaning barqaror rivojlanishi, barqarorligi va farovonligiga hissa qo'shadigan qo'shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratishi kutilmoqda.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий