Bugun – 21- mart kuni poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z tantanasi
bo‘lib o‘tdi. Ushbu tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev nutq so‘zlab, xalqimizni bayram bilan muborakbod etdi.
– Bu yilgi Navro‘z muqaddas Ramazon oyida, uning
tabarruk fazilatlariga uyg‘un holda o‘tayotgani bayramga alohida ruh, o‘zgacha fayz
va quvonch bag‘ishlamoqda. Qalblarimiz shodlikka to‘lgan shunday barokatli kunlarda
yurtimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini Ramazoni sharif bilan yana
bir bor qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini tilaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz
rahbari xorijiy mamlakatlarda ona yurt mehri va sog‘inchi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni
ham tabriklab, samimiy tilaklarini izhor etdi.
Prezidentimiz o‘z nutqida yoshlar siyosatiga ham to‘xtalib, ular Yangi O‘zbekistonning ilg‘or va qudratli kuchiga aylanib borayotganini ta’kidladi. Ulkan natijalarga erishib, yurtimiz rivoji va obro‘sini oshirayotgan aql-idrokli, bilim va malakali, serg‘ayrat va ishbilarmon o‘g‘il-qizlarni sharafladi.
Navro‘z bag‘rikenglik va ahillik ruhi bilan yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari uchun sevimli, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylangan. Shu ma’noda, Prezidentimiz butun xalqimizga murojaat qildi:
– Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda, yutug‘imiz – o‘zimizga bo‘lgan yuksak ishonchimizda!
Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini xalqaro Navro‘z kuni bilan qutlab, ularning xalqlariga do‘stlik salomini yo‘lladi.
Bayram katta kontsert dasturi bilan davom
etdi. Unda yurtimiz san’atkorlaridan tashqari Turkiya, Turkmaniston,
Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qardosh o‘lkalarning
taniqli xonandalari ham qatnashdi.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘i bayram shukuhiga burkangan. Maydonchalar alvon gullar va bayroqlar bilan bezatilgan. Milliy madaniyat markazlarining ko‘rgazmalarida yurtimizdagi totuvlik va boy madaniy xilma-xillik namoyon.
Tinchlik va barqarorlik, ko’p millatli O‘zbekiston xalqining hamjihatligi jadal rivojlanayotgan jamiyatimiz ravnaqi va taraqqiyotining bosh omilidir. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi, ularning madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bog‘ning maxsus ajratilgan hududida milliy madaniy markazlar uchun pavilonlar barpo etilib, ularda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining boy madaniyati, chinakam birligi va jipsligining namoyishi, xalq amaliy san’ati namunalari bilan tanishish mumkin bo’ldi.
An’anaga ko‘ra, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bayram konserti yakunida milliy madaniy markazlar pavilonlariga tashrif buyurib, yurtdoshlarni bayram bilan samimiy tabrikladi, har bir ishtirokchi bilan suhbatlashdi, ular faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularga ezgu tilak bildirdi. Yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik masalalariga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
Shunisi quvonarliki, bu ajoyib bayramni nafaqat o‘zbeklar, balki ko‘p millatli diyorimizda biz bilan birga yashab, birga nafas olayotgan millatlari turfayu, lekin ezgu maqsadlari yagona bo’lgan yurtdoshlarimiz ham katta taraddud bilan kutadilar. Zero, bizning Vatanimizda Navro’z barchaga barobar go‘zallik va nafosat, ezgulik va saxovat, do‘stlik va hamjihatlik bayrami sifatida yangidan qadr topdi.
Albatta, butun respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar yurtimizdagi do‘stlik, millatlararo totuvlik va tinchlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning milliy siyosatini olib borishda erishayotgan yutuqlarini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Navro‘z sayillari yurtimizning barcha go‘shalarida davom etmoqda. Mahallalarda obodonchilik, mehr-muruvvat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Muallif E.Xo‘jamurodov
0 Комментарий