Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Italiyadagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari ilk bor Toshkentda namoyish etiladi

By Muxtasar_Qodirova - 28 февраля 2025 г. 20:42 586 Просмотры 0 Комментарий

Yurtimiz madaniy merosiga oid namunalar asrlar davomida dunyo bo‘ylab tarqalib, eng yirik muzey va shaxsiy kolleksiyalarning durdonalariga aylandi. Bugungi islohotlar sabab ushbu yodgorliklar ilk bor Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etiladi.

Joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Italiyada bo‘lib, bir qator muzeylar vakillari va kolleksionerlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotiga ko‘ra, Italiya muzeylari vakillari va kolleksionerlari O‘zbekiston madaniy merosini ommalashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan xalqaro ko‘rgazma o‘tkazish tashabbusiga ijobiy munosabat bildirgan.

– Toshkentda namoyish etiladigan Italiya ko‘rgazmasidagi o‘zbek artefaktlari to‘plamlari "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" multimedia loyihasining 35-jildida nashr etilgan. Sakkiz yildan buyon davlat va ijtimoiy biznes sektori ko‘magida xorijda saqlanayotgan o‘zbek yodgorliklari haqida kitob-albomlar nashr etib kelinmoqda. Bugungi kunda bu kitob-albomlar 80 jildga yetdi, – dedi loyihaning ilmiy koordinatori Elmira Gul. – Italiya kutubxonalari, muzeylari va shaxsiy kolleksiyalardagi O‘zbekiston artefaktlari kitob-albomida Abu Ali ibn Sinoning ibroniy tiliga tarjima qilingan noyob qo‘lyozmasi saqlanayotgan Bolonya universiteti kutubxonasi, Juzeppe Tuchchi nomidagi Rim milliy Sharq san’ati muzeyi, Turin Osiyo san’ati muzeyi, Stibbert muzeyi, Milandagi Mudec madaniyat muzeyi, Komoda joylashgan Antonio Ratti jamg‘armasi va to‘qimachilik muzeyi hamda Milan kolleksionerlari Alberto va Anna Levilarning shaxsiy kolleksiyasi kabi madaniyat muassasalari haqida ma’lumot berilgan.

Toshkentda namoyish etiladigan eksponatlar orasida epigrafik yozuvlarga ega mashhur Afrosiyob kulolchilik buyumlari, xususiy kolleksiyalardan Xuroson va Movarounnahrning noyob o‘rta asr metall buyumlari, shu jumladan, Qoraxoniy hukmdorlarining afsonaviy kosasi, shuningdek, XIX-XX asr boshlaridagi o‘zbek to‘qimachiligining ajoyib asarlari o‘rin olgan bo‘lib, ular o‘zining nafisligi va betakrorligi bilan hayratga soladi.

– Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rgazmada ishtirok etishdan juda mamnunmiz. Ishonchim komilki, muzeyimizdagi eksponatlar ekspozitsiyaning ajoyib bezagi bo‘ladi, – dedi Turindagi Osiyo san’ati muzeyi direktori David Kvadrio ko‘rgazmadagi ishtiroki haqida fikr bildirib.

Toshkentdagi ko‘rgazmada ko‘rish mumkin bo‘lgan yodgorliklar orasida Aron Collection islom san’ati xususiy to‘plamidagi noyob metall namunalari ham mavjud.  

Aron jamg‘armasi vakili Veronika Prestini xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida shunday dedi:

– O‘zbekiston kabi  boy va uzoq tarixga ega mamlakat bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf. Bizning to‘plamimiz Xuroson va Movarounnahrning o‘rta asrlarga oid nodir buyumlaridan iborat. To‘plamdagi durdonalardan biri – Qoraxoniy hukmdorlarining o‘ymakorlik ishlari bilan bezatilgan kosasi. Shuningdek, somoniylar davri sopol buyumlari namunalari ham mavjud. 2023 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning  VII kongressida ishtirok etdim va o‘shanda Turindagi Sharq san’ati muzeyida namoyish etilayotgan ushbu buyumlarning ayrim fotosuratlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Kongressda ishtirok etish olimlik faoliyatim va ilmiy ishlarim uchun katta tajriba to‘plash imkonini berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlikka, jumladan, ilm-fan va ma’rifat sohasiga naqadar katta e’tibor qaratayotganiga guvoh bo‘ldim. Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan ushbu durdonalarni O‘zbekistonga olib kelib, Markaz ochilishi sharafiga tashkil etiladigan ko‘rgazmada namoyish etishdan mamnun bo‘lamiz. Bunday ko‘rgazma g‘oyasining o‘zi menda iliq taassurot uyg‘otdi.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий