Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Yoshlar forumi – 2024 doirasida Malayziyada tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashuv o'tkazildi

By Farangiz_Amirkulova - 25 декабря 2024 г. 11:51 755 Просмотры 0 Комментарий

Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpurdagi vakillari bilan hamkorlikda "Yoshlar va biznesni qo'llab quvvatlash yili" sarhisobi doirasida Malayziyada tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirokida "Yoshlar forumi - 2024" tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forumda Malayziyaning nufuzli oliygohlarida, jumladan, Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiya, Malayya, "City", "Cyberjaya" "UCSI", "INCEIF", "Xiamen" universitetlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.


O'zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan qator muhim tashabbuslar, amalga oshirilayotgan islohotlar va bunda davlat organlarining tutgan o'rni alohida ta'kidlab o'tildi.


Yoshlarning har tomonlama barkamol bo'lib voyaga yetishi va ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani, xorijda ta'lim olayotgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligi e'tirof etildi.


O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayevning ishtirokchilarga yo'llagan videotabrigi namoyish etildi.


Malayziyadagi o'zbekistonlik yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ular ishtirokida kelgusi yilda turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etish bo'yicha fikr almashildi. Yoshlarimizning yangi g'oya, taklif va tashabbuslari tinglandi.


O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakillari mazkur tashkilot faoliyati xususida atroflicha to'xtalib, uning asosiy vazifalaridan biri Malayziyadagi yosh vatandoshlarimizni birlashtirish, ularning muammolarini o'rganish va konsultativ maslahatlar berish ekanligini aytib o'tdi.


Shuningdek, 2024-yilda diplomatik vakolatxona tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtiroki uchun, tengdoshlari orasida yetakchilik fazilatlarini namoyish etgani uchun bir qator talabalarga elchixona nomidan tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.


O'z o'rnida, Malayziyada tahsil olayotgan talaba yoshlar respublikamiz hayotida faol ishtirok etishga, mamlakatimizni yanada rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shishga tayyor ekanliklarini ta'kidladilar.


Umid Shukurov, Osiyo-Tinch okeani texnologiya va innovatsiya universiteti talabasi:

- Bugun mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasida O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan talabalar ishtirokida tadbir tashkil etildi.


Tadbir doirasida O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev va talabalar o'rtasida ochiq muloqot bo'lib o'tdi. Unda Malayziyada tahsil olayotgan talabalarimiz o'z taklif va tashabbuslarini bildirishdi.

Tadbir doirasida bir qator faol talabalarga, shu jumladan menga ham tashakkurnoma topshirildi. Men bundan juda mamnunman.


Shuni aytib o'tmoqchimanki, ushbu tadbir biz yoshlar uchun juda qiziqarli va foydali bo'ldi. Elchixonaga, O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga, Yoshlar ishlari agentligiga minnatdorchilik bildiraman.


Ibrohimjon Normuhammadov, "Xiamen" universiteti talabasi:

- Hozirda men Malayziyadagi "Xiamen" universitetida moliya yo'nalishida tahsil olmoqdaman.


Bugun O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida "Yoshlar forumi – 2024" bo'lib o'tdi.


Tadbir doirasida biz, yoshlar, O'zbekiston elchisi bilan ko'rishdik. Malayziyadagi boshqa universitetlarda tahsil olayotgan talabalar bilan ham tanishdik.


O'zaro muloqot davomida yoshlarga berilayotgan imtiyozlar, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashdik. Bizni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va maslahatlar oldik.


O'z takliflarimizni ham bildirdik. Bizga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunmiz. Tengdoshlarimga ushbu imkoniyatlardan keng foydalanib, O'zbekistonga foydasi tegadigan yuqori malakali mutaxassis bo'lib yetishlarini tilayman. O'zim ham Malayziyada olgan bilim va tajribamni kelajakda O'zbekistonga qaytib, iqtisodiyot va moliya sohalarini rivojlantirishga hissa qo'shishni reja qilganman. 

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий