Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Rossiyada qonuniy tarzda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolari yaratilgan sharoitlardan mamnun

By Farangiz_Amirkulova - 6 декабря 2024 г. 9:55 873 Просмотры 0 Комментарий

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakillari mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari bilan birgalikda yurtdoshlarimiz vaqtincha ishlayotgan "EUROSPAR" kompaniyasiga (supermarketlar tarmog'i) tashrif buyurishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida ishchi guruh ish beruvchi tomonidan yaratilgan mehnat sharoitlarini monitoring qilish va o'rganish maqsadida "EUROSPAR" supermarketlar tarmog'i obyektlarida ishlayotgan O'zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o'tkazdi.


Vatandoshlar bilan muloqotda Rossiyaning migratsiya qonunchiligi normalariga rioya qilish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilgan migratsiya sohasidagi o'zgarishlar haqida aytib o'tildi.


Mazkur kompaniya rahbariyati bilan kechgan suhbatda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish, keyinchalik o'zbekistonliklar ish o'rinlari sonini oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.


"EUROSPAR" Niderlandiyaning eng yirik supermarketlar tarmog'i hisoblanadi. Birinchi rus "SPAR" savdo tarmog'i 2001-yilda Nijniy Novgorodda ochildi. Bugungi kunda Rossiyaning 12 hududida ushbu brend ostidagi 200 dan ortiq supermarketlar faoliyat ko'rsatmoqda. Moskva shahridagi "EUROSPAR" supermarketlar tarmog'ida 320 dan ortiq O'zbekiston fuqarosi ishlaydi. Ular kuniga uch mahal issiq ovqat, yuqori turmush sharoiti, munosib ish haqi bilan ta'minlangan.


Dmitriy Yevseyev, "EUROSPAR" kompaniyasining xorijiy fuqarolar bilan ishlash bo'limi boshlig'i:

– Bir yildan ortiq vaqt davomida O'zbekiston Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlik qilib kelyapmiz. Shu vaqt ichida O'zbekistondan 320 dan ortiq kishi qonuniy tarzda ishga qabul qilindi. Biz bilan ishlashni yoqtirganlarning barchasi kompaniyamizda qolishdi va o'z mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.


O'z navbatida, kompaniya ishchilarni uy-joy bilan ta'minlaydi, ularga patent va barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtirib beriladi. Rasmiy ishga joylashganidan so'ng biz xodimlarimizni Moskvadagi do'konlar bo'ylab joylashtiramiz va ular uchun barcha sharoitlarni yaratamiz.


Abbos Soipov, ishchi:

– Biz Samarqand viloyatidanmiz. O'zbekiston Migratsiya agentligi orqali "EUROSPAR" do'koniga oilaviy ishga joylashdik. Bu yerda non va pishiriqlar pishiryapmiz.


Korxonada hamma narsa qonuniy. Bizni uy-joy bilan ta'minlashdi va kasb-hunarga o'rgatishdi. Sharoitlardan to'liq qoniqdik. Ish haqi o'z vaqtida to'lanadi, oziq-ovqat bilan ta'minlanadi, qulay sharoitlar yaratilgan. Davlatimizga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik uchun minnatdorlik bildiramiz.


Dilshod Omonov, sotuvchi:

– Samarqand viloyatida tug'ilganman. Murojaatimga ko'ra, O'zbekiston Migratsiya agentligi meni ushbu kompaniyaga ishga yubordi. Hozirgi kunda "EUROSPAR" do'konlaridan birida bosh sotuvchi bo'lib ishlayapman, sharoitlar a'lo darajada.


Kundalik vazifalarimga do'kon bo'limlarini mahsulotlar bilan to'ldirish, shuningdek, tartibni saqlash va xaridorlarga sifatli xizmat ko'rsatish kiradi. Ish beruvchilar xodimlar uchun qulay sharoitlarni yaratgan. Hujjatlarni rasmiylashtirish, aviachiptalarni sotib olish va uy-joy bilan ta'minlashga yordam ko'rsatildi.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий