Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

"Sziboda uchrashuv" Xalqaro yoshlar konferensiyasi

By Farangiz_Amirkulova - July 19, 2024, 5:15 p.m. 1,087 Views 0 Comment

"Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan "Sziboda uchrashuv" Xalqaro yoshlar konferensiyasida 20 dan ortiq mamlakatdan yoshlar, jumladan, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Anjuman turli mamlakatlar yosh yetakchilari o‘rtasida tajriba va fikr almashish, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash uchun o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qildi. Tadbirda ta'lim, fan, madaniyat va biznes kabi turli sohalar vakillari jam bo‘lishdi.

Konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov qutlov maktubi yo‘lladi. U o‘z murojaatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro loyihalarda faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish Markazning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, Q.Sobirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ularning ijodkorligini rag‘batlantirish va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishga qaratilgan “ShHT - ijodiy g‘oyalar va yoshlar tashabbuslari makoni” dasturini amalga oshirish tashabbusi qanchalik muhimligiga alohida e'tibor qaratdi.

Anjumanda turli mamlakatlar yoshlarining o‘zaro munosabatlariga oid keng ko‘lamli mavzular qamrab olindi. Ishtirokchilar zamonaviy dunyoda yoshlar duch kelayotgan dolzarb masala va muammolarni muhokama qilib, ularni hal etish yo‘llarini taklif qildilar.

Xususan, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan umumta'lim maktablari hamdo‘stlik hamjamiyatini yaratish taklif etildi.

Shuningdek, milliy madaniy meros sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar ishtirokida onlayn vorkshop tashkil etishga kelishildi.

Vorkshopning maqsadi tadbirkorlik faoliyati orqali madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish bo‘yicha tajriba va g‘oyalarni almashishdan iborat. Ishtirokchilar loyihalarni boshqarish, moliyalashtirish, marketing va mahsulot va xizmatlarni iste'molchiga taqdim etishning turli jihatlarini muhokama qiladilar.

Bundan tashqari, konferensiya ishtirokchilari tomonidan barqaror rivojlanishning innovasion yechimlari bo‘yicha "Yoshlar barqaror rivojlanish uchun" media-almashinuv dasturini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu loyiha global muammolarni hal qilishning yangi yondashuvlari bo‘yicha videomateriallarni yaratishni o‘z ichiga olib, ular dunyo yoshlari orasida keng ko‘lamda foydalanish va g‘oyalarni tarqatish uchun turli tillarga tarjima qilinadi.

Konferensiya boshqa mamlakatlarda amalga oshirish uchun namuna bo‘la oladigan yoshlarning muvaffaqiyatli tashabbuslari va loyihalarini taqdim etish uchun muhim maydonga aylandi. Markazning e'tiborga loyiq yoshlar loyihalari, jumladan, “Xalq diplomatiyasi maktabi” loyihasi va ShHT yoshlar platformasi SCOLAR Network Toshkent xabining faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Ishtirokchilar ShHT Markazining "Biz bolalar - biz dunyo" loyihasi muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etib, "Zamonaviy yoshlar ilhomi" kitobini nashr etishni taklif qilishdi. Ushbu to‘plam yoshlarning ijodiy ishlari, ularning qarashlari hamda madaniyat va jamiyatdagi zamonaviy tendensiyalarni aks ettiradi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar taklif etilayotgan g‘oya va loyihalar turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniyat, fan va tadbirkorlik sohasida yangi istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdilar"- deb xabar beradi O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati.





Tags:

0 Comment

Leave a Comment