Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Vatandoshlar ishtirokida tadbir

By Muxtasar_Qodirova - June 22, 2026, 8:29 p.m. 1,212 Views 0 Comment



O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etishi munosabati bilan AQSHning Illinoys shtati Chikago shahrida joylashgan Compass Arena majmuasida vatandoshlar ishtirokida madaniy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni milliy qadriyatlar, madaniyat va san’at atrofida birlashtirish, ularning Vatan bilan ma’naviy aloqalarini yanada mustahkamlash, shuningdek O‘zbekistonning boy madaniy merosi, san’ati va milliy an’analarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.




 

Tadbir futbol bo‘yicha jahon chempionati doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash, vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlik muhitini shakllantirish hamda xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan aloqalarni yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Madaniy tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Chikago shahridagi “Uzbek American Association of Chicago” o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi va o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.






Mazkur hamkorlik xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tili va milliy madaniyatini rivojlantirish, madaniy almashinuvni kengaytirish, bayram tadbirlarini tashkil etish, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Ushbu memorandumning imzolanishi AQSHdagi o‘zbek diasporasi bilan institusional hamkorlikni mustahkamlash, vatandoshlarning milliy-madaniy merosini saqlash, ularning Vatan bilan aloqalarini yanada kuchaytirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.






Shuningdek, tadbir doirasida Chikago shahridagi vatandoshlar farzandlari uchun o‘zbek tili maktabi — yakshanba maktabini tashkil etish masalasi amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur tashabbus xorijda voyaga yetayotgan yosh avlodning o‘zbek tili, milliy qadriyatlar, tarix va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning milliy o‘zligini saqlash hamda Vatan bilan ma’naviy bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu maqsadda Qo‘mita tomonidan o‘zbek tilini o‘rganish, milliy adabiyot, tarix va madaniyatga oid o‘quv qo‘llanmalar hamda adabiyotlar taqdim etildi. Mazkur adabiyotlar yakshanba maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ta’lim jarayonini mazmunan boyitishda muhim amaliy ko‘mak bo‘ladi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekistondan tashrif buyurgan san’at ustalari ishtirokida rang-barang konsert dasturi namoyish etildi. Jumladan, “Toshkent zebolari” ansambli raqqosalari milliy raqslar ijro etib, o‘zbek raqs san’atining nafosati va jozibasini namoyon etdilar. Shuningdek, madaniy dasturda taniqli san’atkorlar — xonanda Jasmin, Gʻaybulla Tursunov, DJ King Macarella, mashhur “Benom” guruhi hamda o‘zbek estradasining boshqa vakillari o‘z chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.

Konsert dasturi davomida milliy qo‘shiqlar, zamonaviy musiqiy chiqishlar va raqslar orqali vatandoshlarda Vatanga bo‘lgan mehr, milliy iftixor va birdamlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi. Tadbir ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish, iliq kayfiyat va yuqori ruhda kutib olindi. Umuman olganda, Chikago shahrida o‘tkazilgan mazkur madaniy tadbir xorijdagi vatandoshlarni Vatan atrofida jipslashtirish, ularning O‘zbekiston bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, milliy madaniyat va san’atimizni keng targ‘ib etish, yosh avlod o‘rtasida o‘zbek tili va milliy qadriyatlarni saqlash hamda jahon chempionati doirasida mamlakatimizning ijobiy imijini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment