Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Xitoyning yetakchi bosma nashrida O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligiga bag'ishlangan maqola chop etildi

By Farangiz_Amirkulova - July 17, 2024, 11:18 a.m. 1,126 Views 0 Comment

Xitoyning ommabop "Jenmin xuabao" gazetasida O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatiga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston yoshlar mamlakati. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston aholisining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil etadi, – deb ta'kidlangan maqolada. – O'zbekiston aholisining 18 milliondan ortig'ini yoshlar tashkil etadi va 2040-yilga borib bu ko'rsatkich 25 millionga yetishi mumkin".


Maqolada ta'kidlanganidek, ushbu jihatlar yoshlarning ta'lim olishi, bandligini va ijtimoiy inklyuzivligini ta'minlash borasida davlat uchun o'ziga xos imkoniyatlar va alohida vazifalarni yaratadi. Davlat rahbarining joriy yil 21-fevraldagi qarori bilan "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi, – ma'lum qilgan Xitoy gazetasi. Unda yoshlar muammolarini hal etish, ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish bo'yicha qator vazifalar belgilandi.


Keyingi yillarda O'zbekistonda navqiron avlodning huquq va manfaatlarini ta'minlash, munosib ta'lim va ish o'rni olishi, iste'dod va qobiliyatini ro'yobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi va bu borada ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda.


"O'tgan davr mobaynida yoshlar bilan ishlashda mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Mamlakatimizning barcha mahallalarida yoshlar yetakchilari bor. Mazkur tizim tufayli mahallalarda yoshlar uchun 100 dan ortiq turli imkoniyatlar yaratildi", – deyiladi nashrda. – "Yoshlar daftari" tizimi tashkil etilib, uning doirasida 25 ta yo'nalish bo'yicha 1,1 million nafardan ortiq yoshlarga 1 trillion 300 milliard so'mlik yordam ko'rsatildi. Xususan, kam ta'minlangan oilalardan bo'lgan o'n minglab talabalarning to'lov-kontrakt asosida o'qishlari uchun haq to'landi".


Xitoy bosma nashri xabar qilganidek, O'zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari soni qariyb uch barobar ortib, 199 taga, o'qishga qabul qilish 9 foizdan 38 foizga ko'paydi. Bu yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.


Shuningdek, 210 ta yoshlar sanoat-tadbirkorlik zonalari tashkil etildi, ularda umumiy qiymati 4 trillion so'mlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada yosh tadbirkorlar soni ikki baravar ortib, 200 mingdan oshdi.


Keyingi yillarda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo'shgan 750 nafardan ortiq yoshlar davlat mukofotlariga sazovor bo'lgani haqidagi ma'lumotlar ham mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan.


"O'zbekiston yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda erishayotgan yutuqlari bilan ruhlanayotgani quvonarlidir", – deb yozilgan "Jenmin xuabao" gazetasida bosilgan maqolada.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment