Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Toshkentda O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligi mavzusi tahliliy muhokama qilindi

By Muxtasar_Qodirova - March 13, 2026, 3:05 p.m. 1,166 Views 0 Comment



Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “O‘zbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqboli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.


Ikki mamlakat vazirlik va idoralari, parlamentlari, tahliliy markazlari, ilmiy muassasalari, ishbilarmon doiralari vakillari, oliy ta’lim tizimi mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal o‘sib borayotgani qayd etilib, 2025-yil yakunida tovar ayirboshlash qiymati 912 million dollarga yetgani ta’kidlandi.


Uch sho‘’bada davom etgan munozaralar davomida ikki mamlakat sherikligini yanada mustahkamlash, iqtisodiyot, transport, ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, shuningdek mintaqaviy formatdagi aloqalarni rivojlantirish masalalari diqqat markaziga chiqdi.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat masofa yaqinligi, balki chuqur tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalarga ham tayanishini ta’kidladi.


– Bugungi kunda munosabatlarimiz Markaziy Osiyoda barqarorlik, ikki va ko‘p tomonlama ishonchni mustahkamlovchi muhim omilga aylangan, – dedi u. – Mamlakatlarimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH kabi yirik xalqaro tuzilmalar doirasida faol ish olib bormoqda.


Tojikiston Milliy universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri Amriddin Sharipov fikricha, o‘zaro strategik va ittifoqchilik munosabatlari butun mintaqamizda integratsiya jarayonini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.


Tadbir yakunida O‘zbekiston va Tojikiston sherikligini yanada chuqurlashtirish, savdo, investitsiya, logistika va sanoat kooperatsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqildi.


Ishtirokchilar mintaqa barqaror rivojlanishini ta’minlashda ekspertlar muloqoti muhim ahamiyat kasb etishini bir ovozdan ma’qulladilar.

Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment