Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O'zbekiston Milliy kutubxonasi va Britaniya kutubxonasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalari yanada jadallashadi

By Farangiz_Amirkulova - July 8, 2024, 3:29 p.m. 1,105 Views 0 Comment

Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Milliy kutubxonasi va Britaniya kutubxonasi vakillari o'rtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva va Britaniya kutubxonasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo kolleksiyalar rahbari Maykl Erdman ishtirok etdi.


Onlayn muloqot chog'ida qonunchilik doirasida axborot resurslari almashinuvini tashkil etish, elektron kataloglar va resurslardan ochiq foydalanish imkoniyatlarini taqdim etish, qo'lyozma va nodir nashrlarning restavratsiyasi sohasida qo'shma tadbirlar (seminar, o'quv va mahorat darslari hamda amaliy mashg'ulotlar) tashkil qilish, yirik kasbiy tadbirlarda ishtirok etish va hamkorlikning boshqa yo'nalishlari muhokama qilindi.


Uchrashuvda, shuningdek, Britaniya kutubxonasi ko'magida O'zbekiston kutubxonalarini samarali boshqarish va doimiy hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari istiqbollari xususida fikr almashildi.


London shahrida joylashgan Britaniya kutubxonasi dunyodagi eng yirik ilmiy kutubxonalardan biri sanaladi. Unda 170 dan 200 milliongacha bo'lgan kitoblar, qadimiy qo'lyozmalar va noyob adabiyotlar fondi saqlanadi. Mazkur ma'rifiy muassasa Buyuk Britaniya Madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport vazirligi homiyligidagi xususiy davlat tashkiloti hisoblanadi. Kutubxona fondlarida miloddan avvalgi ikki minginchi yilga oid qadimiy qo'lyozma va buyumlarning katta zaxiralari mavjud. Unga har yili 1,5-2 million kishi tashrif buyuradi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment