Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O'zbekiston – ShHT: xalqlar va davlatlar tinchligi hamda farovonligi yo'lidagi hamkorlik

By Farangiz_Amirkulova - July 3, 2024, 11:03 a.m. 1,599 Views 0 Comment

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-4-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo'ladi va Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning navbatdagi sammitida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA .



ShHT 2001-yilda tuzilgan mintaqaviy xalqaro tashkilotdir. O'zbekiston Qozog'iston, Xitoy, Qirg'iziston, Rossiya va Tojikiston bilan birga tashkilotning asoschilaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ShHTga to'qqiz davlat a’zo. Bundan tashqari, uch davlat unga kuzatuvchi sifatida qo'shildi, 14 davlat tashkilot bilan muloqot bo'yicha hamkor maqomiga ega. Bu ShHTning o'tgan yillar davomida nufuzi va xalqaro siyosatdagi roli hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlarning umumiy maydoni 34 million kilometr kvadratni, ya’ni Yevroosiyo qit’asining 60 foizini tashkil etadi. A’zo davlatlar aholisi 3 milliardga yaqin yoki yer yuzi aholisining qariyb 42 foiziga teng. Shuningdek, ShHT mamlakatlari iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining 24 foizdan ortig'ini qoplaydi.

Tashkilotga a’zo davlatlar o'rtasida o'zaro ishonch, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo'lida ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, yangi demokratik, adolatli va oqilona siyosiy-iqtisodiy xalqaro tartib o'rnatishga ko'maklashish, terrorizm, separatizm va ekstremizmga, giyohvandlik vositalari va qurol-yarog' savdosi, transmilliy jinoyatlarning boshqa turlariga birgalikda qarshi oqilona kurashish ShHTning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi. A’zo davlatlar, shuningdek, xalqaro huquqning asosiy tamoyillari asosida turli sohalarda samarali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirmoqda.

ShHTning asosiy organi Davlat rahbarlari kengashi bo'lib, u tashkilotning ko'p qirrali hamkorligi va faoliyatini rivojlantirish strategiyasi, istiqbollari va ustuvor yo'nalishlarini ko'rib chiqadi va belgilaydi. Kengash ShHT maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan fundamental xususiyatdagi qarorlar qabul qiladi, eng dolzarb global muammolar, boshqa xalqaro tashkilotlar va davlatlar bilan o'zaro hamkorlik masalalarni hal qiladi hamda tashkilot tarkibini kengaytirish to'g'risidagi qarorlarni chiqaradi. Bundan tashqari, ShHT va tashkilot doimiy organlarining tuzilishi va faoliyatining ichki siyosatining asosiy masalalarini belgilaydi.

Tuzilmaning boshqa muhim organlari — bular Hukumat rahbarlari kengashi (Bosh vazirlar), Tashqi ishlar vazirlari kengashi, vazirlik va idoralar rahbarlarining majlisi, Milliy koordinatorlar kengashi (MKK), Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT), Kotibiyat, Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi kengashidir.

Kotibiyatga ShHT Bosh ijrochi direktori bo'lgan Bosh kotib boshchilik qiladi va u a’zo davlatlar fuqarolari orasidan 3 yil muddatga rotatsiya asosida Davlat rahbarlari kengashi tomonidan tayinlanadi. 2022-yil 1-yanvardan buyon ShHT Bosh kotibi vazifasini Xitoy Xalq Respublikasi vakili Chjan Min bajarib kelmoqda. Bundan avval ushbu lavozimda O'zbekiston vakili faoliyat yuritgan.

Shuningdek, ShHT Forumi – norasmiy muloqot mexanizmi, mustaqil tuzilmasi mavjud bo'lib, u tashkilotga a’zo har bir davlatdan bittadan ilmiy muassasani o'z ichiga oladi, milliy tadqiqot markazi maqomiga ega. 5 iyun kuni Toshkent shahrida O'zbekiston tomoni raisligida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yig'ilishi o'tkazildi.

Bugungi kunda ShHT o'zini to'laqonli va nufuzli xalqaro tashkilot sifatida to'liq namoyon qilmoqda. ShHT platformasi unga a’zo yirik davlatlar – Xitoy, Rossiya va Hindiston bilan teng huquqli siyosiy muloqot va xalqaro hamda mintaqaviy siyosatning keng ko'lamli masalalari bo'yicha fikr almashishni qo'llab-quvvatlaydi.

O'zbekiston ShHT faoliyatida faol ishtirok etib, tashkilotga to'rt marta — 2003-2004, 2009-2010, 2015-2016 va 2021-2022-yillarda raislik qilgan.

O'zbekiston tashabbusi bilan 2004 yilda Toshkentda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tashkil etildi, Xavfsizlik kengashi kotiblari yig'ilishlari formati joriy etildi, tashkilotda kuzatuvchi maqomi berish mexanizmi ishga tushirildi. Toshkentda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, ShHT oilasi doirasida madaniyatlararo va gumanitar muloqotni mustahkamlashga hissa qo'shayotir.

2017-yildan respublikamiz ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tashabbuskoriga aylandi. O'zbekiston Prezidenti tomonidan o'tgan yillar mobaynida ShHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo'yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 91 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 75 tasi hayotga tatbiq etilgan bo'lsa, qolgan 16 tasi amalga oshirilish jarayonida.

2022-yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan SHHT Davlat rahbarlari kengashining 14 ta ishtirokchi mamlakat yetakchilari, kuzatuvchilar va mehmonlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan yig'ilishi, ekspertlarning fikricha, tashkilot uchun tarixiy bo'ldi. Sammit yakunlari bo'yicha, SHHT doirasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan to'ldirishga yordam beradigan rekord miqdordagi hujjatlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Samarqand sammitida SHHTni kengaytirish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Eronning ShHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to'g'risidagi memorandum imzolandi. Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga SHHTning muloqot bo'yicha hamkori maqomini berish bo'yicha huquqiy hujjatlar ishi yakunlandi. Belarus Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish jarayoni boshlandi. Bahrayn, Maldiv orollari, BAA, Kuvayt va Myanma tomonidan SHHTning muloqot bo'yicha hamkorlari maqomini olish to'g'risidagi arizalari qo'llab-quvvatlandi.

Sammit doirasida SHHT va Arab davlatlari ligasi, BMTning YUNЕSKO va ESKATO tashkilotlari o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida O'zbekiston Prezidenti siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan 16 tashabbusni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Ostona shahrida bo'lib o'tadigan sammitda ilgari suriladigan yangi tashabbuslar avval erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirishga qo'shimcha turtki beradi va ShHT makoni xalqlarining tinchligi va farovonligini ta’minlash uchun hamkorlik kun tartibini yangi mazmun bilan boyitishga salmoqli hissa qo'shadi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment