
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
19-martda qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni
mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
Farmoniga muvofiq Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari
bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida
press-tur o‘tkazildi. Poytaxtimizda barpo etilgan Milliy madaniy markazlar pavilionida
bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda OAVning 40 dan ortiq vakillari qatnashdi. Maqsad millatlararo
munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik
va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish bo‘yicha
belgilangan qator ustuvor vazifalar ijrosining amaliy ifodasini keng jamoatchilik
oldida targ‘ib etish.

Dastavval press-tur ishtirokchilariga
O‘zbekiston Respublika Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari
bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bekzod Shukurov tomonidan pavilionlar
haqida batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, jurnalist va mehmonlar turli millatlarning urf-odatlaridan
so‘zlovchi fotosuratlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, san’at asarlari, cholg‘u asboblari
va boshqa eksponatlardan tarkib topgan 22 ta millatning o‘ziga xos arxitekturasi
aks etgan do‘stlik uylari bilan tanishishdi. Qatnashchilar e’tiboriga turli millatlarning
o‘ziga xos badiiy chiqishlari ham taqdim etildi.

Mamlakatimizda yashab kelayotgan barcha millat va elatlarning o‘z madaniyati
va urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish, rivojlantirish uchun yana bir ulkan
imkoniyatga aylangan mazkur pavilion Yurtboshimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan
bo‘lib, joriy yilning “30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” arafasida foydalanishga
topshirildi.

Ushbu pavilionning qurilish jarayonlari bevosita yurtimizdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari bilan maslahatlashib amalga oshirildi. Mazkur pavilion mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni ifodalaydigan, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarib kelmoqda.

Milliy madaniy markazlar pavilioni qisqa vaqt ichida millatlararo
totuvlikni targ‘ib etuvchi muhim tadbirlarga mezbonlik qildi.
Xususan:
– O‘zbekiston Respublikasi Davlat
mustaqilligining 34 yilligi doirasida “Umummiliy totuvlik” festivali;
– Qovun sayli;
– Milliy madaniy markazlar vakillari ishtirokida
“Zakovat” bellashuvi;
– O‘zbekiston va Turkmaniston mustaqilligining
34 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbek–turkman munosabatlari – yangi tarixiy bosqichda”
mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar shular jumlasidandir.

Tadbir yakunida
press-tur ishtirokchilari va mehmonlar pavilionning milliy madaniy markazlar
faoliyati, ularning madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatiga oid
batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Muxtasar qilib
aytganda, milliy madaniy markazlar pavilioni turli millat vakillari o‘rtasida
do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro do‘stlik
aloqalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Komila Sultonova,
maxsus muxbir
0 Comment